Jahon | 16:56 / 07.03.2026
3861
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola davlatdan nafaqa oladi

Nafaqa miqdori 1200 qirg‘iz so‘mini (≈168 ming so‘m) tashkil etadi, u oilaning daromad darajasidan qat’i nazar barchaga to‘lanadi. Nafaqa to‘g‘risidagi qaror fuqarolarning ko‘plab murojaatlariga javoban qabul qilingan va bola rivojlanishining eng muhim davrida oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

2026 yil 1 iyuldan boshlab Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola har oyda «Bala irisi» («Bolalar baxti») davlat nafaqasini oladi. Bu haqdagi farmonni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov imzoladi.

Nafaqa miqdori 1200 qirg‘iz so‘mini (≈168 ming so‘m) tashkil etadi, u oilaning daromad darajasidan qat’i nazar barchaga to‘lanadi.

Japarovning ta’kidlashicha, nafaqa to‘g‘risidagi qaror fuqarolarning ko‘plab murojaatlariga javoban qabul qilingan va bola rivojlanishining eng muhim davrida oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Aynan hayotning dastlabki yillarida insonning eng muhim jismoniy va aqliy qobiliyatlari shakllanadi, ular u bilan butun umr qoladi. Shuning uchun bugungi farmon bilan Vazirlar Mahkamasiga yangi «Bala irisi» nafaqasini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdim. Biz bilamiz: har bir bola o‘z irisi - o‘z baxti va barakasi bilan tug‘iladi», deb tushuntirdi Qirg‘iziston prezidenti.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan 445 mingga yaqin bola istiqomat qiladi. Shunday qilib, har oyda «Bala irisi» to‘lovi uchun davlat 530 million qirg‘iz so‘midan ortiq mablag‘ ajratadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid