Jahon | 08:05
4774
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga ultimatum qo‘ydi

AQSh prezidenti Eron bilan hech qanday kelishuv bo‘lmasligini, faqat to‘liq taslim bo‘lish shartlari asosidagina kelishuv bo‘lishi mumkinligini aytdi. Eron esa mintaqadagi nishonlarga hujumlarni davom ettirmoqda.

Foto: Shutterstock/Fotodom

AQSh prezidenti Donald Tramp Erondan “so‘zsiz taslim bo‘lish”ni talab qildi. “Eron bilan hech qanday kelishuv bo‘lmaydi, faqat so‘zsiz taslim bo‘lishdan boshqa yo‘l yo‘q!” — deb yozdi u 6 mart, juma kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Bundan sal oldin Eron yana Fors ko‘rfazi hududidagi turli nishonlarga hujum qilgan edi.

Tramp shunday qo‘shimcha qildi: Islom Respublikasi taslim bo‘lganidan keyin, AQSh va uning ittifoqchilari Eronni “jar yoqasidan qaytarishga va uni iqtisodiy jihatdan har qachongidan ham kattaroq, yaxshiroq va kuchliroq qilishga” yordam beradi.

Uning aytishicha, buning sharti — “ajoyib va maqbul rahbar” yoki bir necha rahbarlik qiluvchi shaxslarni tayinlashdir. Tramp o‘z postini quyidagi shior bilan yakunladi: “Eronni yana buyuk qilamiz!”

5 mart kuni bergan intervyusida Tramp halok bo‘lgan Eron rahbari Ali Xominaiyning vorisi masalasini hal qilishda ishtirok etmoqchi ekanini bildirdi.

Eronda ehtimoliy nomzodlar qatorida, jumladan, Xominaiyning o‘g‘li Mujtabo ham tilga olinmoqda. Ammo Tramp uni “maqbul emas” va “juda kuchsiz shaxs” deb rad etdi.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini boshladi. Bu hujumlar natijasida Xominaiydan tashqari Eron rahbariyatining boshqa a’zolari ham o‘ldirilgan.

Javob tariqasida Eron 28 fevraldan beri Isroilga, Fors ko‘rfazidagi qator davlatlarga va mintaqadagi Amerika obektlariga zarbalar bermoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid