Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron Fors ko‘rfazi davlatlarini o‘qqa tutishni davom ettirmoqda
Kuvaytdagi osmono‘par binoda yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish chog‘ida ikki o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan.
8 mart kuni ham Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklari havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron raketalari va dronlari hujumini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda AFP agentligi ushbu mamlakatlar rasmiylari bayonotlariga asoslanib xabar qilmoqda.
Kuvayt poytaxtida dron zarbasidan keyin osmono‘par binoda kuchli yong‘in chiqqan. Xabarlarga ko‘ra, bu binoda mamlakat ijtimoiy sug‘urta xizmati ofisi joylashgan. Kuvayt mudofaa vazirligi Eronning poytaxt tomon uchirilgan uchta ballistik raketasi urib tushirilganini xabar qilgan.
Keyinroq mahalliy hukumat ikki nafar o‘t o‘chiruvchi «xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida» halok bo‘lganini ma’lum qildi, ammo ularning o‘limi tafsilotlari keltirilmagan.
Eron nashrlariga ko‘ra, bu binoda Amerika armiyasi boshqaruv punktlaridan biri joylashgandi.
Bahraynda esa uch kishi Eronning urib tushirilgan raketasi parchalari tushishi oqibatida yaralangani haqida xabar berildi. Raketa parchalari universitet binosiga ham zarar yetkazgan. Keyinroq rasmiylar Eron droni suvni chuchuklashtirish qurilmasiga ham zarar yetkazganini xabar qildi.
AQSh va Isroil Eronga 28 fevraldan havo zarbalari berishni boshladi. Bunga javoban Tehron Isroilga va AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari hisoblangan mamlakatlarga zarbalar bermoqda. Erondagilar faqat Amerika harbiy obektlarini nishonga olganini aytib keladi, ammo muntazam ravishda ushbu mamlakatlardagi fuqarolik obektlariga ham hujumlar bo‘layotgani haqida xabar berilmoqda.
7 mart kuni Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon agar qo‘shni davlatlar hududlaridan Eronga hujum qilinmasa, Eron ham qo‘shni davlatlarga hujum qilmasligi va raketa uchirmasligini aytdi. U shuningdek Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan so‘nggi hafta davomidagi zarbalar uchun uzr so‘ragandi.
8 mart kuni Pizishkiyon o‘z bayonotlari «qo‘shnilar bilan kelishmovchilik keltirib chiqarmoqchi bo‘lgan dushman tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani»ni aytib chiqdi. «Biz birodar ekanimiz va qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishimiz kerakligi bir necha bor aytilgan. Biroq biz hujumlarga javob berishga majburmiz, ammo bu bizda [qo‘shni] mamlakat bilan nizo bor yoki biz uning xalqini xafa qilmoqchimiz degani emas», – degan Pizishkiyon.
Mavzuga oid
14:29
Avstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan biri fikrini o‘zgartirdi
13:49
Mers Erondagi urush fonida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
12:18
Vadeful: Erondagi xaos hech kimning manfaatiga xizmat qilmasligi kerak
09:10