Jahon | 10:50
3449
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti diplomatlarga Saudiyani tark etishni buyurdi

O‘tgan hafta Eron dronlarining zarbasi Ar-Riyoddagi AQSh elchixonasida yong‘in keltirib chiqargan edi. Endi Davlat departamenti favqulodda masalalar bilan band bo‘lmagan diplomatlarga Saudiya Arabistonini tark etishni buyurdi.

Foto: REUTERS/Stringer

Eron bilan urush tufayli xavfsizlik sohasidagi tahdidlar sabab, AQSh Davlat departamenti Saudiya Arabistonidagi Amerika diplomatik missiyasi xodimlarining bir qismiga mamlakatni majburiy tarzda tark etish haqida ko‘rsatma berdi. 8 mart sanasidagi farmoyishda favqulodda masalalar bilan shug‘ullanmaydigan xodimlar, shuningdek elchixona xodimlarining oila a’zolari nazarda tutilgani aytilgan. Bu haqda diplomatik missiyaning 9 mart, dushanba kuni e’lon qilingan bayonotida ma’lum qilindi.

Bundan bir necha kun oldin, 3 mart kuni, ushbu toifadagi shaxslarga mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga ruxsat berilgan edi.

Davlat departamenti, shuningdek, AQSh fuqarolarini Saudiya Arabistoniga sayohat rejalarini yana bir bor qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bunda “Eron dronlari va raketalarining Amerika manfaatlariga zarba berish xavfi, qurolli mojaro, terrorizm, chiqib ketishga taqiqlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni tartibga soluvchi mahalliy qonunlar” sabab qilib ko‘rsatilgan.

28 fevraldan beri AQSh va Isroil Eronga qarshi urush olib borayotgani boshlanganidan so‘ng, Saudiya Arabistoni Eronning javob zarbalari nishonlaridan biriga bir necha bor aylangan.

3 mart kuni Ar-Riyoddagi AQSh elchixonasi binosiga ikkita dron zarba bergan. Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, u yerda “cheklangan miqyosdagi yong‘in” yuz bergan, moddiy zarar esa unchalik katta emas deb baholangan.

Biroq The Washington Post gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, bino jiddiy shikastlangan: tomning bir qismi qulab tushgan, binolar ichida esa kuchli yong‘in chiqqan.

Amerikaliklarga darhol xavfsiz joyga bekinish va keyingi ogohlantirishgacha diplomatik missiyaga borishdan saqlanish tavsiya qilingan.

Saudiya Arabistonidan tashqari, Eron Bahrayn, Kuvayt va Bag‘doddagi AQSh elchixonalariga ham hujum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid