Jahon | 09:04
3888
4 daqiqa o‘qiladi

Eron Fors ko‘rfazidagi neft obektlariga zarba berish bilan tahdid qildi

Isroil Tehron va uning atrofidagi kamida beshta energetika obektiga zarba berdi. “Agar bir barrel neft narxi 200 dollardan oshishiga chiday olsangiz, o‘yinni davom ettiring”, dedi Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakili.

Foto: Saudi Aramco/dpa

Isroil Tehron va uning atrofidagi kamida beshta energetika obektiga zarba berganidan keyin, Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft obektlariga hujum qilish bilan tahdid qildi. Bunday tahdid bilan 8 mart, yakshanba kuni Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) vakili chiqish qildi.

“Agar bir barrel neft narxi 200 dollardan oshishiga chiday olsangiz, o‘yinni davom ettiring”, — deb uning so‘zlarini Britaniyaning The Guardian gazetasi keltirgan.

7 mart kuni Isroil harbiylari Eronning neft infratuzilmasiga ilk bor havo zarbalari berganini ma’lum qildi. Eron neft taqsimoti kompaniyasi esa bu hujum natijasida uning to‘rt nafar xodimi halok bo‘lganini aniqlashtirdi.

AQSh energetika vaziri Kris Rayt o‘z navbatida Vashington Islom Respublikasining energetika infratuzilmasini nishonga olmasligini bildirdi. CNN telekanaliga bergan intervyusida Rayt neft va gaz yetkazib berishdagi uzilishlar qisqa muddatli bo‘lishini va eng yomon holatda “bir necha hafta” davom etishini aytdi. Gazeta eslatishicha, Eron jahon neftining taxminan 4 foizini qazib oladi, uning katta qismi esa Xitoyga eksport qilinadi.

Eron harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi davlatlari hukumatlari “imkon qadar tezroq” AQSh va Isroilni Eron energetika quvvatlariga keyingi zarbalar berish mumkin emasligi haqida ogohlantirishi kerak.

Dpa agentligi avvalroq Eron poytaxtida kamida 30 ta neft rezervuari hujumga uchraganini xabar qilgan edi. Eron neft vazirligi vakili Fars axborot agentligiga Tehrondagi va mamlakat shimolidagi qo‘shni Karaj shahridagi neft omborlariga zarbalar berilganini tasdiqladi. AFP agentligiga ko‘ra, Eron poytaxtiga yonilg‘i yetkazib berish “vaqtincha to‘xtatilgan”.

28 fevraldan beri Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil Eronga havo zarbalari berib kelmoqda. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirilgan. Bunga javoban Eron Isroilga, Fors ko‘rfazidagi ayrim davlatlarga va mintaqadagi Amerika harbiy obektlariga zarbalar bermoqda.

“Hizbulloh” Eron tomonida urushga qo‘shilib, Isroilga raketa va uchuvchisiz qurilmalar bilan zarba berganidan so‘ng, TSAHAL Livan janubiga va Bayrutning janubiy chekka hududlariga ham zarba berdi. Bu yerlarda guruh infratuzilmasi joylashgan. “Hizbulloh”ning qo‘mondonlik markazlari, raketa qurilmalari va qurol omborlariga allaqachon yuzlab havo zarbalari berilgan.

Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Livan janubi va Bayrutning janubiy chekka hududlaridan evakuatsiya haqidagi buyruqdan keyin, 500 ming nafargacha odam shimolga ko‘chib o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Livan bosh vaziri Navof Salom mamlakat hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatini taqiqlashini, guruh jangchilari esa qurolsizlanishi kerakligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid