Jahon | 10:21
1643
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya g‘arbidagi uylarga meteorit bo‘laklari tushdi

GFRning g‘arbiy hududlaridagi ko‘plab aholi osmonda yorug‘lik hodisasini kuzatdi. Keyinroq bu meteorit ekani ma’lum bo‘ldi. Uning bo‘laklari bir nechta turar joy uylarining tomlariga shikast yetkazgan.

Foto: Thomas Frey/dpa

Meteorit bo‘laklari Germaniyaning g‘arbidagi bir nechta turar joy uyiga shikast yetkazdi. Politsiya 8 mart, yakshanba kuni shikastlanishlar haqidagi ma’lumotlar, jumladan, Koblens shahridan, shuningdek Reynland-Pfals federal yeridagi Xunsryuk va Ayfel tog‘li hududlaridan kelib tushganini ma’lum qildi.

Politsiya tezkor shtabi ma’lumotiga ko‘ra, taxminan soat 19:00 da Koblensning Gyuls tumanidagi turar joy uyining tomiga “yonib ketgan osmon jismi” tushgan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan, voqea joyiga yong‘in o‘chiruvchilar va politsiya xodimlari yetib kelgan, ammo hozirda hech qanday xavf yo‘q, deb dpa agentligi politsiya xabarini keltirgan. AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra esa, odamlar ham jarohat olgani haqida xabarlar bor.

8 mart kechqurun Germaniyaning g‘arbiy hududlarida yashovchi ko‘plab odamlar osmonda tushunarsiz yorug‘lik hodisasini ko‘rgan. Quyi Saksoniya, Gessen, Reynland-Pfals, Saar, Baden-Vyurtemberg va Shimoliy Reyn — Vestfaliya hududlarida buni kuzatgan guvohlar ijtimoiy tarmoqlarda video va suratlarni e’lon qilgan.

Kayzerslautern (Reynland-Pfals) politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolar “qisqa olovli yorug‘lik bilan yorqin nur sochuvchi uchayotgan obekt” yoki osmondagi chaqnash haqida so‘zlab bergan. Boshqa taxminlar qatorida raketa uchib o‘tgani haqidagi fikrlar ham bildirilgan. Biroq huquq-tartibot idoralari xavfsizlikka tahdid belgilari yo‘qligini ta’kidladi.

Meteoritlar deb Yer atmosferasiga kirganda ko‘plab mayda qismlarga parchalanib ketadigan asteroid bo‘laklariga aytiladi. Ularning ayrimlari yonib ketadi, boshqalari esa Yerga tushadi.

2024 yil yanvar oyida taxminan bir metr diametrli meteorit Berlin atrofiga tushgani haqida xabar berilgan edi. Bir yil oldin esa Germaniyaning shimolidagi Shlezvig-Golshteyn yeriga taxminan o‘n beshtacha meteorit tushgan. Ularning eng kattasi — 3,7 kilogramm og‘irlikdagi bo‘lak xususiy turar joy uyi yaqinidagi bog‘dan topilgan. Kolleksionerlar uni katta pulga sotib olishga tayyor bo‘lgan, eng manfaatli taklif esa 200 ming yevroni tashkil etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid