Jahon | 12:41
2289
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Budapeshtdan musodara etilgan pul va oltinni qaytarishni talab qildi

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa Vengriyadan ukrain inkassatorlari ushlanganida musodara qilingan pullar va oltin quymalarini qaytarishni talab qilmoqda. U yuz bergan voqeani “davlat banditizmi va reketning misli ko‘rilmagan akti” deb atadi.

Foto: kormanyzat / Facebook

Ukraina 5 mart kuni Vengriya hududida ukrain inkassatorlari ushlangan paytda musodara qilingan pullar va oltin quymalarini qaytarishni talab qilmoqda.

“Bugun Vengriya hokimiyati Avstriyadan tranzit orqali o‘tayotgan ikki ukrain banki avtomobillarini talon-toroj qilgani va kunduzi ochiqchasiga pul hamda qimmatbaho metallarni o‘g‘irlab ketganidan beri uchinchi kun”, — deb yozdi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa 8 mart, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.

U bu voqeani “davlat banditizmi va reketning misli ko‘rilmagan akti” deb atadi hamda Ukrainaning Yevropa hamkorlarini bu masala bo‘yicha munosabat bildirishga chaqirdi.

“Bu pullar Vengriyaga yoki uning hukumatiga tegishli emas: ular Ukrainaning davlat banki — ‘Oshchadbank’, demak, ukrain soliq to‘lovchilariga tegishli”, — deyiladi Sibixa xabarida.

Bundan bir kun oldin “Oshchadbank” ham Budapeshtdan inkassatorlik avtomobillari va qimmatliklarni qaytarishni talab qildi. Bankda ta’kidlanishicha, tashish jarayoni “Oshchadbank” va Avstriyadagi “Rayffayzen” banki o‘rtasidagi xalqaro kelishuv doirasida amalga oshirilgan, yukning o‘zi esa xalqaro tashuv qoidalari va amaldagi Yevropa bojxona tartib-qoidalariga muvofiq rasmiylashtirilgan.

Vengriyada ushlangan Ukraina davlat banki “Oshchadbank”ning yetti nafar inkassatori vatanga qaytgani haqida 6 mart kuni Andrey Sibixa xabar bergan edi. U, shuningdek, bu haqda “allaqachon prezident Zelenskiyni xabardor etganini” qo‘shimcha qildi.

Bundan bir kun oldin Vengriyada Ukrainaning davlatga qarashli “Oshchadbank”iga tegishli ikki avtomobil ushlangan edi. Ularda 40 million dollar, 35 million yevro va to‘qqiz kilogramm oltin bo‘lgan. Vengriya hokimiyati pul yuvish gumoni bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, pul va qimmatbaho metallni tashishga go‘yoki Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX)ning sobiq generali hamda harbiy tajribaga ega yana bir necha shaxs rahbarlik qilgan.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Kiyevdan zudlik bilan javob berishni talab qildi va mamlakat orqali katta miqdorda naqd pul tashilayotgani “ukrain harbiy mafiyasi bilan ehtimoliy aloqa haqida jiddiy savollar tug‘dirayotganini” bildirdi. Uning aytishicha, yanvardan beri uning mamlakati orqali 900 million dollar, 420 million yevro naqd pul, shuningdek 146 kilogramm oltin tashib o‘tilgan. Shu bilan birga, Vengriya hokimiyati “sinchiklab tergov o‘tkazishini” va’da qildi.

Ukraina TIV bayonot berib, ukrainaliklarga Vengriyada xavfsizlik kafolatlanmaganini, shuning uchun ular bu mamlakatga borishdan, hatto uni tranzit tarzida kesib o‘tishdan ham tiyilishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, Kiyev diplomatik idorasi Vengriyada ukrain va Yevropa biznesi uchun ham “o‘zboshimchalik tahdidlari”ni ko‘rayotganini bildirdi.

Kiyev va Budapesht o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi kunlarda jiddiy ravishda yomonlashdi. Bunga sabab — Vengriyaning Ukrainaga 90 milliard yevro miqdoridagi Yevropa Ittifoqi krediti ajratilishini to‘sib qo‘yganidir. Budapesht bu qarorini Kiyev Ukraina hududi orqali o‘tadigan “Drujba” quvuri orqali Rossiya neftini Vengriyaga qayta uzatishni tiklashdan bosh tortayotgani bilan izohlagan.

Kiyev esa neft quvuri Rossiya hujumlari oqibatida shikastlanganini ta’kidlamoqda va vengriyalik vakillarni uni ko‘zdan kechirishga kiritmagan.

5 mart kuni Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi brifingda “90 milliard yevroni to‘sib qo‘yayotgan odam”ning telefon raqamini Ukraina qurolli kuchlariga berishini, ular esa “u bilan o‘z tilida gaplashishini” aytgan edi. Bu bayonot Viktor Orban hukumati, shuningdek Vengriya muxolifati va Yevropa komissiyasi tomonidan keskin tanqid qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid