Iqtisodiyot | 11:39
1995
2 daqiqa o‘qiladi

Mutlaq rekord: O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 77 mlrd dollardan oshdi

2026 yil 1 mart holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari qariyb 77,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu – tarixiy rekord ko‘rsatkichdir. Jahon bozorida oltin narxlari yil boshidan beri qariyb 19 foizga oshdi.

Foto: iStock

2026 yil 1 mart holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 77,1 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati fevral oyida 2 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda keltirib o‘tilgan.

O‘tgan oy davomida zaxiralarning valuta qismi 686 mln dollarga qisqargan bo‘lsa, oltin qismining qiymati 2,7 mlrd dollarga oshib, 67,6 mlrd dollargacha ko‘paygan. Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi ham 12,8 mln troya unsiyadan 13,1 mln troya unsiyaga yetgan.

Umuman olganda, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning zaxira aktivlari 10,7 mlrd dollarga ko‘paydi. Katta o‘sish xalqaro bozorda oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz berdi. Yaqin Sharqda geosiyosiy vaziyatning nihoyatda keskinlashishi, jahon savdosidagi noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab 2026 yilda qimmatbaho metall bahosi 5000 dollardan oshdi. Oltin joriy yilning ikki oyida qariyb 19 foizga qummatlashdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid