Jahon | 18:02
1878
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik 10 ming nafar yozuvchi matnsiz kitob chiqardi

Ular sun’iy intellekt kompaniyalari o‘z asarlaridan ruxsatsiz foydalanishiga qarshi shu tarzda norozilik bildirdi.

Foto: The Guardian

Buyuk Britaniyada 10 mingdan ortiq yozuvchi sun’iy intellekt kompaniyalari o‘z asarlaridan ruxsatsiz foydalanishiga qarshi norozilik sifatida matnsiz kitob chiqardi. Bu haqda The Guardian yozdi.

Kitob «Don’t steal this book» («Bu kitobni o‘g‘irlama») deb nomlandi. Uning yagona mazmuni - mualliflar ro‘yxati. Kitobni yaratishga qo‘shilganlar orasida ingliz teleboshlovchisi va yozuvchisi Richard Osman, «Boleyn sulolasidan yana biri» romani muallifi Filipp Gregori, shuningdek, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, britaniyalik yozuvchi Kadzuo Ishiguro bor.

Kitob nusxalari 10 mart kuni ochilgan London kitob yarmarkasiga borganlar orasida tarqatiladi. Loyiha tashkilotchisi, bastakor va mualliflik huquqi faoli Ed Nyuton-Reksning aytishicha, sun’iy intellekt sanoati «ruxsatsiz va to‘lovsiz o‘g‘irlangan ishlar ustiga qurilgan».

«Bu qurbonlarsiz jinoyat emas - generativ sun’iy intellekt odamlar asarlarini o‘rganmoqda, ular bilan raqobatlashmoqda va tirikchilik vositalaridan mahrum qilmoqda. Hukumat Buyuk Britaniyadagi ijodkorlarni himoya qilishi va sun’iy intellekt kompaniyalari tomonidan ijodiy ishlarni o‘g‘irlashni qonuniylashtirishdan voz kechishi kerak», dedi u.

Bir yil oldin, 2025 yil fevral oyida mingdan ortiq musiqachilar, jumladan, Blur guruhi qo‘shiqchisi Deymon Albarn, Enni Lennoks va Keyt Bush Britaniya hukumatining sun’iy intellekt ishlab chiquvchilariga mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarlardan foydalanishga ruxsat berish rejalariga norozilik sifatida ovozsiz qo‘shma albom chiqardi. Albom «Bu biz xohlagan narsami?» deb nomlangan. Unda jami 47 daqiqa davom etadigan 12 ta trek mavjud. Ular konsert zallari va studiyalardagi to‘liq sukunat yoki qandaydir shovqin yozuvidir.

Buyuk Britaniya hukumati uzoq vaqtdan beri qonunga tuzatishlarni ko‘rib chiqmoqda, agar ular ma’qullansa, sun’iy intellektni ishlab chiquvchi kompaniyalarga internetda mavjud bo‘lgan badiiy asarlardan, jumladan, musiqiy asarlardan mualliflik huquqiga rioya qilmasdan foydalanish imkonini beradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid