Jamiyat | 08:41
876
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda qo‘lbola usulda tayyorlangan qalbaki dorilar savdosi fosh etildi

DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qalbaki dori vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Foto: DXX

G‘ijduvon tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z oila a’zolari bilan birgalikda uy sharoitida qo‘lbola usulda dori vositalarini tayyorlab kelgan.

Shuningdek, qonunbuzarlar tayyorlangan dori vositalarini saqlash uchun 1 ta manzildan hamda ularni sotish uchun 2 ta dorixonadan foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘lib, mazkur manzillar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Tadbir davomida ushbu manzillardan jami 193 turdagi 47 821 dona, umumiy taxminiy qiymati 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan hamda qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalari aniqlandi. Shuningdek, 6 989 dona dori vositalarining bo‘sh qutisi, yorliqlar, 3 dona dorilarni qadoqlash uskunasi va 2 qop yo‘riqnoma ham topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur dori vositalariga rasmiy xulosa olish maqsadida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga yuborildi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.

Fuqarolardan bunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish so‘raladi. Shaxsingizning maxfiyligi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid