O‘zbekiston | 16:28
1799
10 daqiqa o‘qiladi

Chegirma evaziga sukutmi? Jarima imtiyozi va shikoyat huquqi o‘rtasidagi ziddiyat

Ma’muriy jarimani 15 kun ichida to‘lasangiz – 50 foiz chegirma. Ammo jarima ustidan shikoyat qilsangiz – bu imtiyoz qo‘llanmaydi. Qonun mantig‘i oddiy: tez ijro – tez rag‘bat. Lekin tabiiy ravishda boshqa bir savol paydo bo‘ladi: rag‘batmi bu, yo huquqdan voz kechishga undovchi bosim?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-1-moddasida huquqbuzarlik uchun jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Biroq, bu moddaning 2-qismida ushbu imtiyoz jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda qo‘llanmasligi belgilangan.

Bugun ko‘plab fuqarolar bir dilemma oldida turadi:

“Adolat izlaymi yoki chegirmadan foydalanaymi?”

“Agar shikoyat qilsam-u yutqazib qo‘ysam, 50 foizni yo‘qotaman, vaqtim va asabimni ham ketkazgan bo‘laman. Demak, iqtisodiy jihatdan “jazolanaman”. Kel, yaxshisi sudlashmasdan, jarimamning yarmini imtiyoz bilan to‘lay qolay...”

Bunday qarorga keluvchilar juda ham ko‘p. Ayniqsa jarima miqdori katta bo‘lsa.

Masalan, faraz qilaylik, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga tasodifan o‘tib qoldingiz. Bunday huquqbuzarlik MJtKning 128-5-moddasi ikkinchi qismiga asosan 10 BHM (hozirda 4 120 000 so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi. Bu huqubuzarlik kuzatuv kameralari orqali aniqlanganda, hodisa to‘g‘risidagi ma’lumotlar 48 soatda tizimga kelib tushishi kerak – agar bu muddat o‘tib ketadigan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi va javobgar jarimaga tortilmaydi.

Foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarlikka oid ma’lumotlar tizimga kelib tushgandan so‘ng jarima solish to‘g‘risidagi qaror MJtKning 305-moddasida belgilangan 15 kunlik muddatda chiqarilishi kerak. Biroq, ushbu 15 kunlikni kechiktirishning oqibati kodeksda mavjud emas. Bu shuni anglatadiki, 48 soatlik muddat buzilmasa bo‘lgani, 15 kunlik muddatning o‘tib ketishi bo‘yicha esa sudlashib yutib chiqish aniq emas. (Aslini olganda, bunday qonunchilikdagi bo‘shliq va noaniqlik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga ko‘ra inson foydasiga talqin etilishi kerak).

Yuqoridagi vaziyatda jarimani bekor qildirishning o‘zi noaniq bo‘lib turganda, sudga shikoyat qilish 30/50 foizlik chegirmadan ham mahrum qilishini bilish sizni tabiiy o‘ylantirib qo‘yadi.

Huquqbuzar sudda yutib chiqishi mavhum bo‘lib turgan holatda, shikoyat qiladigan bo‘lsa imtiyozdan ham ayrilishini bilgandan so‘ng, jarimaning yarmini to‘lab qo‘yaverganim yaxshi degan qarorga keladi.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu qoida sudga murojaat qilish huquqini amalda cheklashga olib keladi. Huquq bor, lekin undan foydalanish qimmat.

Huquqdan foydalanishni “qimmatlashtirish” – bilvosita cheklov hisoblanishi mumkin

Konstitutsiyaviy tamoyil oddiy: davlat organlari qarorlaridan shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. Ammo agar shikoyat qilish natijasida fuqaro yomonroq moliyaviy ahvolga tushsa, bu bilvosita cheklov (indirect restriction) sifatida baholanishi mumkin.

Ikki haydovchini tasavvur qiling:

  • Birinchisi shikoyat qilmaydi → 50% to‘laydi.
  • Ikkinchisi o‘zini nohaq jazolangan deb hisoblaydi → shikoyat qiladi → yutqazadi → 100% to‘laydi.

Natijada nafaqat protsessual, shu bilan birga fundamental ham bo‘lgan huquqdan foydalangan shaxs moliyaviy jihatdan yomonroq holatda qoladi. Bu esa tenglik va proporsionallik tamoyillarining amal qilishini shubha ostiga qo‘yadi.

Xorijiy tajriba

Mazkur tajriba xorijiy mamlakatlar amaliyotidan olinganmi, degan optimistik fikrda bir qator davlatlar qonunchiligi o‘rganildi. Natija esa deyarli 50/50 bo‘ldi. Ya’ni ayrim davlatlarda ham bunday cheklovlar mavjud, ayrimlarida esa cheklov nafaqat mavjud emas, balki sudga murojaat qilinganda imtiyozli muddat uzaytirib berilar ekan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, xorijiy mamlakatlardan xalq uchun foydali va huquqlarini amalga oshirishga rag‘batlantiruvchi tajribalarni olish kerak, deb hisoblaymiz.

Quyida shikoyat qilinganda imtiyoz bekor qilinmaydigan davlatlarni keltiramiz:

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniyaning “Traffic Management Act 2004” nizomiga ko‘ra, PCN uchun (Penalty Charge Notice – bu odatda noto‘g‘ri parkovka, yo‘l chizig‘ini buzish, avtobus yo‘lagidan foydalanish kabi ma’muriy huquqbuzarliklar uchun mahalliy hokimiyat tomonidan beriladigan jarima) 14 kun ichida to‘lov qilinsa, 50 foiz chegirma beriladi. Muhimi, agar shaxs jarima yuzasidan shikoyat qilsa, chegirma darhol bekor bo‘lmaydi. Amaliyotda ko‘pincha shikoyat rad etilgach ham, qisqa muddat ichida chegirmali to‘lash imkoniyati saqlanadi. Agar formal apellyatsiya (adjudicator) bosqichiga o‘tilsa va yutqazilsa, undan so‘ng to‘liq summa qo‘llanadi. Ya’ni shikoyat huquqidan foydalanish – imtiyozdan avtomatik mahrum bo‘lishni hisoblanmaydi.

Germaniya

Germaniya Federativ Respublikasida jarimani ixtiyoriy erta to‘lashda chegirmali imtiyoz yo‘q, biroq jarima solishning soddalashtirilgan tartibi mavjud. Bu ogohlantirish jarimasi (nemis tilida “Verwarnungsgeld”) deb atalib, odatda 5–55 yevro atrofidagi mayda huquqbuzarliklar (ko‘pincha yo‘l harakati) uchun qo‘llaniladi. Biz uchun muhim jihati shundaki, fuqaro soddalashtirilgan tartibga rozilik bildirsa va to‘lasa – ma’muriy ish tugaydi. E’tiroz bildirsa – oddiy protsedura boshlanadi. Ammo e’tiroz bildirgani uchun qo‘shimcha moliyaviy “jazolash” yuklanmaydi.

Rossiya

RF “Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida”gi kodeksi 322-moddasi bo‘yicha, ma’muriy huquqbuzarliklarning ayrimlarida jarimalar qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 30 kun ichida to‘lansa, 25 foizlik chegirma amal qiladi. Biroq shikoyat qilish ushbu imtiyozdan mahrum qilishi ko‘zda tutilmagan. Amaliyotda shikoyat masalasi qarorning kuchga kirishi va ijro muddatlari bilan bog‘lanadi. Ya’ni tizim rag‘batlantiradi, lekin “sukut evaziga mukofot” modeliga asoslanmaydi.

Normaning maqsadi va shu maqsadga eltuvchi vosita mutanosib bo‘lishi kerak

Jarimalarni ijro etishda soddalashtirilgan tartibni joriy qilishda davlatning maqsadi tushunarli. Bular: jarimalarni tez undirish, ma’muriy yukni kamaytirish va budjet intizomini ta’minlash. Lekin ushbu maqsadlarni ta’minlovchi vosita qanchalik mos, degan savol ham mavjud.

Agar shikoyat qilish chegirmadan to‘liq mahrum etsa, bu maqsadga eltuvchi boshqa muqobil vositalar mavjud bo‘la turib qo‘llanilayotgan qat’iy chora bo‘lib qoladi. Masalan:

  • shikoyat muddati davomida chegirmani “muzlatib turish”,
  • shikoyat rad etilgach, yana 10–15 kunlik chegirmali to‘lov imkonini berish,
  • yoki shikoyat qilishni umuman chegirmaga bog‘lamaslik.

Bir qator rivojlangan davlatlar aynan shu yumshoqroq modellarni tanlaydi.

Qoidalar insonlarda “qo‘rquv psixologiyasi”ni keltirib chiqarmasligi lozim

Huquqshunoslikda “chilling effect” degan tushuncha bor. Atamani sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsak, inson o‘zida mavjud huquqlarini imtiyozdan mahrum bo‘lish, qonuniy jazolanishi yoki qasos olinishi kabilardan qo‘rqib amalga oshirmasligi – “qo‘rquv psixologiyasi” hisoblanadi. MJtKda belgilangan shikoyat qilish imtiyozdan mahrum qilishi haqidagi qoida aynan shunday qo‘rquvni insonda keltirib chiqaradi. Natijada u o‘zining fundamental huquqlardan biri hisoblangan sudga yoki boshqa davlat organiga murojaat qilish huquqini amalda qo‘llamaydi.

Fuqaro “agar shikoyat qilsam, yutqazsam ham, yutmasam ham yutqazaman” deb o‘ylasa, shikoyat qilmaslikni tanlaydi. Bu esa adolatli sudlov mexanizmini zaiflashtiradi. Shu nuqtada chegirma instituti maqsadidan chetga chiqib, fundamental huquq hisoblangan shikoyat qilish huquqini iqtisodiy jihatdan jazolash vositasiga aylanadi.

Xulosa: adolat chegirmadan qimmatroq bo‘lishi kerak

Jarima tizimi samarali bo‘lishi kerak – bunga shubha yo‘q. Ammo samaradorlik adolat hisobiga qurilmasligi lozim. Chegirma instituti – rag‘bat vositasi. U shikoyat qilish huquqini iqtisodiy jihatdan “jazolash” mexanizmiga aylantirilmasligi kerak. Aks holda, fuqaroga “Huquqingni himoya qilma – arzonroq to‘la” degan yashirin signal beriladi. Huquqiy davlatda esa bundan farq qiladigan boshqacha: “Huquqingni himoya qilishing mumkin – va bu senga qimmatga tushmaydi”, degan signal bo‘lishi kerak.

Agar chegirma tizimi qayta ko‘rib chiqilsa va shikoyat qilish huquqi bilan muvozanatga keltirilsa, u nafaqat samarali, balki konstitutsiyaviy jihatdan ham barqaror institutga aylanishi mumkin.

Bobur Qoryog‘diev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Biznes huquqi va
sud himoyasi”
tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid