Jahon | 23:04 / 10.03.2026
2487
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Milliy xavfsizlik kengashida Trampga o‘lim bilan tahdid qilindi

Kengash kotibi Ali Larijoniy Donald Trampni «ehtiyot bo‘lishga» chaqirdi.

Ali Larijoniy / Foto: Reuters

Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy AQSh prezidenti Donald Trampning o‘z mamlakatiga nisbatan tahdidlarini puch deb atadi. Larijoniy Amerika prezidentini «ehtiyot bo‘lishga» chaqirdi va o‘ldirish bilan tahdid qildi.

«Eron sizning quruq tahdidlaringizdan qo‘rqmaydi. Eron millatini sizdan kuchlilar ham yo‘q qila olmaydi. Ehtiyot bo‘ling, sizni yo‘q qilib yuborishmasin», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Ali Larijoniy Donald Trampning Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha chora-tadbirlari oqibatlari haqidagi bayonotiga shunday javob qaytardi.

«Agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi neft oqimini to‘xtatadigan biror chora ko‘rsa, ular Amerika Qo‘shma Shtatlaridan avvalgiga qaraganda 20 baravar ko‘proq zarar ko‘radi», deb yozgan edi Amerika prezidenti ijtimoiy tarmoqda.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Bunga javoban Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini taqiqlashini e’lon qildi. Bu Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft eksport qilishning yagona yo‘li hisoblanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid