O‘zbekiston | 13:42
6216
3 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxiriga borib havo isishi kutilmoqda

Payshanba kuni kunduzi sovuq havo massasi respublika hududidan chekina boshlaydi.

Foto: Kun.uz

12 mart kuni kechasi sovuq saqlanib turadi, kunduzi esa sovuq havo massasi respublika hududidan chekina boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Seshanba kuni O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi davom etmoqda.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 0…+3 daraja, shimolda –2…–5 daraja atrofida bo‘ladi.

Chorshanba kuni hududning katta qismida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Havo harorati kechasi –1…–3 darajagacha, ba’zi joylarda 0…–5 darajagacha pasayadi, kunduz kuni esa 0…+5 daraja atrofida bo‘ladi. Respublika shimolida harorat kechasi –7…–10, kunduzi 0…+5 daraja bo‘ladi.

Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zida 22–25 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. 10–11 mart kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor.

Payshanba kuni kunduzi sovuq havo massasi respublika hududidan chekina boshlaydi. Havo harorati ko‘tariladi va ish haftasi oxiriga borib kunduz kunlari havo +10…+15 darajagacha isiydi.

Ushbu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Toshkent shahrida seshanba kuni kunduzi vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat +2…+4 daraja bo‘ladi.

Kechasi biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi –1…–3 daraja, kunduzi +2…+4 daraja bo‘ladi.

12–13 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 0…–2 daraja bo‘ladi, kunduzi asta-sekin +11…+13 darajagacha ko‘tariladi. Shamol shimoli-sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikkacha esadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid