Jamiyat | 15:27
15655
4 daqiqa o‘qiladi

Onaning tushi orqali ochilgan Qo‘qondagi qotillik ishida hukm o‘qildi

Sud uch o‘smirga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ularning ikkisi qasddan odam o‘ldirish, murdani tahqirlash hamda o‘g‘rilik, biri esa qotillik jinoyati haqida xabar bermaslikda aybli deb topildi. Qo‘shimcha tergov harakatlarida qotillik sodir bo‘lgan vaqtda sudlanuvchilarga hamrohlik qilgan Abdulloh Sodiqov aybsiz deb topilib, ishning u va boshqalarga oid qismi harakatdan tugatilgan.

Foto: Kun.uz

Qo‘qon shahrida 17 yoshli Xurshid Haydarovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi.

Kun.uz tanishgan hukmga ko‘ra, 2007 yilda tug‘ilgan Shohjahon G‘aniyev hamda 2009 yilda tug‘ilgan Murtozxon Mansurov 2025 yil 20 iyun kuni Xurshid Haydarovni Qo‘qon shahar Kichik Ganjiravon mahallasi hududidagi dala maydoniga taklif qilgan. Ular yog‘och so‘rida pivo ichishgan. So‘ng Shohjahon G‘aniyev o‘zi bilan olib kelgan siqma kleyni tayyorlab, Xurshid Haydarovga hidlatgan. Oqibatda Xurshid o‘zini-o‘zi himoya qila olmaydigan ojiz ahvolga tushib qolgan. Shunda Shohjahon uning orqa tomoniga o‘tib, bo‘ynidan bo‘g‘gan. Bu vaqtda Murtozxon Xurshidning oyoqlaridan ushlab, uning qarshilik qilish imkoniyatini cheklab turgan. Shohjahon shu yerdagi ip bilan Xurshidning bo‘ynidan qattiq tortib bog‘lab qo‘yib, uni qasddan o‘ldirgan.

So‘ngra sudlanuvchilar jinoyat izini yashirish va Xurshid go‘yoki o‘z joniga qasd qilganday qilib ko‘rsatish maqsadida uning murdasini temiryo‘lga chiqarib qo‘yishgan. 2025 yil 20 iyun kuni tunda “Qo‘qon–Pop” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi Xurshid Haydarovning murdasini bosib ketgan.

JIB Qo‘qon shahar sudining 2026 yil 26 fevraldagi hukmi bilan Shohjahon G‘aniyev qasddan odam o‘ldirish, qabrni tahqirlash va o‘g‘rilik, Murtozxon Mansurov odam o‘ldirish va o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan. Shohjahon G‘aniyevga 12 yil, Murtozxon Mansurovga 10,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish jinoyatida aybli deb topilgan Muhammadfayozxon Yoqubovga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u sud zalidan qamoqqa olingan.

Ma’lumot uchun, Muhammadfayozxon Yoqubov Xurshid Haydarovga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgani holda bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar bermagan.

Jinoyat ishi avvalroq sud ajrimi bilan tergovga qaytarilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shimcha tergov harakatlari davomida voyaga yetmagan Abdulloh Sodiqovning qotillik jinoyatiga aloqadorligi aniqlanmagan va ishning unga oid qismi harakatdan tugatilgan.

Sudlanuvchilarning har ikkisi o‘z ko‘rsatmasida Abdulloh Sodiqov voqea joyida bo‘lganini tasdiqlagan. Murtozxon Mansurov esa o‘z ko‘rsatmasida Xurshid Haydarovning murdasini temiryo‘lga ko‘tarib borishda Abdulloh Sodiqov yordamlashgani, ya’ni u murdaning o‘ng oyog‘idan o‘zi, chap oyog‘idan Abdulloh Sodiqov hamda qo‘llaridan Shohjahon G‘aniyev ko‘tarib borganini aytgan.

Organ xodimlari poyezd urib ketgan Xurshid Haydarovni o‘z joniga qasd qilgan, deya xulosaga kelgan bir paytda onaning tushlari ortidan bu aslida qotillik ekani oydinlashgan.

Kun.uz avvalroq Xurshid Haydarovning o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan, unda marhumning onasi jinoyatga aloqador ayrim shaxslar “suvdan quruq chiqib ketish”ga urinayotganini aytgandi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid