Jahon | 12:03
649
4 daqiqa o‘qiladi

G7 va XEA hozircha o‘z neft zaxiralaridan foydalanmaydi

“Katta yettilik” davlatlari Erondagi urush fonida o‘z strategik neft zaxiralarini bozorga chiqarish imkoniyatini muhokama qildi. Ammo hozircha bu chorani qo‘llamaslikka qaror qilindi.

Foto: AP / BELA SZANDELSZKY

G7 davlatlari ma’lum vaqtgacha jahon yonilg‘i bozorlaridagi narxlar o‘sishiga qarshi kurashish uchun o‘z milliy neft zaxiralarining bir qismidan foydalanish g‘oyasidan voz kechdi. Xalqaro energetika agentligi (XEA) bilan vaziyat muhokama qilingach, “Katta yettilik” mamlakatlari moliya vazirlari XEAga bozordagi holatni batafsil baholashni topshirdi. Bu esa muhokamalarni davom ettirish imkonini beradi, deb yozdi 10 mart, seshanba kuni Reuters agentligi.

“Hamma bozorni barqarorlashtirish uchun chora ko‘rishga tayyor, shu jumladan Amerika Qo‘shma Shtatlari ham, — deya Fransiya moliya vaziri Rolan Leskyurning so‘zlarini keltiradi agentlik. — Biz XEAdan neft zaxiralarini ehtimoliy bo‘shatish bo‘yicha ssenariylar ishlab chiqishni so‘radik; biz istalgan paytda harakat qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak”.

Bundan oldin G7 davlatlari Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi hamda shu orqali jahon bozorlarida yuzaga kelgan neft tanqisligi munosabati bilan o‘z milliy neft zaxiralarining bir qismini bozorga chiqarishga tayyor ekanini bildirgan edi. Ayni paytda XEAga a’zo davlatlar — ular soni 32 ta bo‘lib, ular qatoriga “Katta yettilik” mamlakatlari ham kiradi — 1,2 milliard barreldan ortiq strategik neft zaxirasiga ega. Bu hajmga yana 600 million barrel sanoat zaxiralari qo‘shiladi.

Shu bilan birga, The Wall Street Journal nashri manbalariga tayanib, seshanba kuni XEA neft narxlarini tushirish uchun o‘z tarixidagi eng yirik neft zaxiralarini bozorga chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. Gazeta yozishicha, bu 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin XEAga a’zo mamlakatlar bozorga chiqargan 182 million barreldan ham oshib ketadi.

Erondagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berish amalda to‘xtab qolgani fonida AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning neft sektoriga qarshi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan to‘liq miqyosdagi bosqini sabab joriy etilgan sanksiyalarni yumshatish ehtimolini istisno qilmadi. Yevropa komissiyasi (YeK) esa bunday qadamga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

“Neft narxlaridagi hozirgi sakrash Rossiyaga sezilarli daromad keltirishi mumkin, shuning uchun narx chegarasiga (G7 davlatlari tomonidan Rossiya neftiga nisbatan joriy qilingan cheklov — tah.) amal qilish va ehtimol to‘liq taqiqqa [Rossiya nefti eksportini] o‘tish juda muhim, chunki bu Rossiyaning harbiy daromadlarini cheklaydi, aks holda esa bu o‘zini o‘zi vayron qilish bo‘ladi”, — dedi yevrokomissar Valdis Dombrovskis brifingda, Tramp so‘zlariga izoh berish so‘roviga javoban.

Shu bilan birga, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Yevropa Erondagi urush oqibatlariga nisbatan zaif ekanini, chunki u deyarli to‘liq neft va gaz importiga qaramligini bildirdi. Shuningdek, u Yevropaning ayrim mamlakatlarida “yashillar” siyosatchilari ilgari surgan atom energetikasidan voz kechish strategik xato bo‘lganini ham tan oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid