Jahon | 12:50 / 11.03.2026
2140
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriyada Ukrainaning YeIga qo‘shilishiga qarshi rezolyutsiya qabul qilindi

Vengriya parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi, Kiyevga harbiy yordamni yanada moliyalashtirish va “YeIni harbiy alyansga aylantirish”ga qarshi qaratilgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi.

Foto: X / zoltanspox

Vengriya Milliy majlisi 10 mart, seshanba kuni Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligini, Kiyevga harbiy yordamni keyingi moliyalashtirishni va “Yevropa Ittifoqini harbiy alyansga aylantirishga urinishlar”ni rad etuvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat uchun 142 nafar deputat ovoz berdi, 28 nafari qarshi chiqdi, yana to‘rt kishi betaraf qoldi, deb xabar qildi parlament spikeri Zoltan Kovach X ijtimoiy tarmog‘ida.

Rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati so‘nggi vaqtlarda “eskalatsiya xavfini oshiradigan va Yevropani urushga tortishi mumkin bo‘lgan” qarorlarni qabul qilmoqda, Ukrainaning YeIga qabul qilinishi esa butun ittifoqni mojaro ishtirokchisiga aylantiradi, chunki bu mamlakat urush holatida turibdi. Hujjat mualliflari, shuningdek, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 193,3 milliard yevro ajratganini ta’kidlab, bu miqdor Vengriyaning 2004 yildan beri o‘zi olgan yordamdan qariyb uch baravar ko‘p ekanidan norozilik bildirgan.

Rezolyutsiya matnini e’lon qilgan venger OAVda, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Vengriya, Chexiya va Slovakiya ishtirokisiz Ukrainaga 90 milliard yevro kredit berishni rejalashtirayotgani aytilgan, shu bilan bir paytda Yevrokomissiya ushbu mamlakatlardagi hududiy subsidiyalar va agrar to‘lovlarni qisqartirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Kiyev va Budapesht o‘rtasidagi mojaro yanvar oxirida Ukraina “Drujba” quvuri orqali Vengriya va Slovakiyaga neft yetkazib berishni to‘xtatganidan keyin boshlangan. Ukraina buni quvurga Rossiya droni yetkazgan shikast bilan izohlagan edi. Har ikki mamlakat bosh vazirlari Kiyevni “siyosiy shantaj”da aybladi: ularning aytishicha, Ukraina Budapeshtni o‘zining YeIga a’zoligiga qo‘yilgan vetodan voz kechishga majburlash uchun quvurni ta’mirlashni ataylab cho‘zmoqda.

5 mart kuni Vengriyada Ukraina davlat “Oshchadbank”iga tegishli ikki avtomobil ushlandi, ularda 40 million AQSh dollari, 35 million yevro va to‘qqiz kilogramm oltin bo‘lgan. Vengriya hokimiyati pul yuvish gumoni bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ular ma’lumotiga ko‘ra, pul va qimmatbaho metallni tashish go‘yoki Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX)ning sobiq generali va harbiy tajribaga ega yana bir necha shaxs rahbarligida amalga oshirilgan. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Kiyevdan zudlik bilan izoh talab qilib, mamlakat orqali naqd pul tashilishi “ukrain harbiy mafiyasi bilan ehtimoliy aloqa haqida jiddiy savollar tug‘dirayotgani”ni bildirdi.

“Bu pullar Vengriyaga yoki uning hukumatiga tegishli emas; ular Ukraina davlat banki ‘Oshchadbank’, demak, Ukraina soliq to‘lovchilariga tegishli”, — dedi 8 mart kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa va mablag‘larni qaytarishni talab qildi. “Oshchadbank” esa tashish bank bilan Avstriyadagi “Rayffayzen” banki o‘rtasidagi xalqaro kelishuv doirasida amalga oshirilganini, yukning o‘zi esa xalqaro tashish qoidalari va amaldagi Yevropa bojxona tartib-taomillariga muvofiq rasmiylashtirilganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid