Jahon | 09:33
802
4 daqiqa o‘qiladi

G7 Erondagi urush fonida Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilmaydi

Yaqin Sharqdagi vaziyat Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni oqlamaydi, dedi Emmanuel Makron. Bundan oldin AQSh bu sanksiyalarni ehtimol yumshatish mumkinligini istisno qilmagan edi.

Foto: Gonzalo Fuentes/REUTERS

G7 davlatlari AQSh va Isroilning Eron bilan urushi sabab Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft yetkazib berish to‘xtab qolgani fonida Rossiyaga qarshi neft sanksiyalarini yumshatmaslikka kelishib oldi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 11 mart, chorshanba kuni “Katta yettilik” davlatlari rahbarlarining videomajlisidan so‘ng ma’lum qildi.

G7 yetakchilarining videokonferensiyasi Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashuvining iqtisodiy oqibatlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan edi. Ularning eng sezilarlilaridan biri — Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda to‘sib qo‘yilishi bo‘ldi. Bu Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft yetkazib berish uchun eng muhim transport yo‘llaridan biri hisoblanadi. G‘arb davlatlarida yonilg‘i tanqisligi va narxlar keskin oshib ketishi fonida Rossiya neft sohasiga qarshi, Ukrainada davom etayotgan keng ko‘lamli urush sabab joriy etilgan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish takliflari yangragan edi.

“Biz vaziyat hech qaysi holatda Rossiyaga qarshi amaldagi sanksiyalarni bekor qilishni oqlamaydi, degan qarorga keldik”, — dedi Makron yig‘ilishdan keyin.

“Katta yettilik”ning videokonferensiyasida Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ham ishtirok etdi. Suhbatdan keyin u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bayonot e’lon qilib, G7 davlatlariga Eron va Yaqin Sharqdagi “tashvishli vaziyat”ni muhokama qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Yevropa komissiyasi rahbari ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari tomonidan joriy etilgan Rossiya neftiga narx chegarasi “bozorlarni barqarorlashtirish va Rossiya daromadlarini cheklash”ga yordam beradi. “Hozir sanksiyalarni yumshatish vaqti emas”, — dedi fon der Lyayyen.

U, shuningdek, Xalqaro energetika agentligi (XEA)ning tashkilotga a’zo mamlakatlar strategik zaxiralaridan 400 million barrel neft chiqarish to‘g‘risidagi qarorini ham olqishladi.

“Katta yettilik” tarkibiga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya kiradi. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati videomajlis yakunlari bo‘yicha kommyunike e’lon qilmadi, ammo Oq uy rahbari unda ishtirok etdi va G7 “dunyoga juda katta ta’sir ko‘rsatishini” aytdi.

Bundan oldin aynan Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ehtimol yumshatish mumkinligiga ishora qilgan edi. “Biz narxlarni pasaytirish uchun neft bilan bog‘liq sanksiyalardan vaqtincha voz kechamiz, — dedi Oq uy rahbari 10 mart kuni matbuot anjumanida. — Biz ayrim mamlakatlarga nisbatan sanksiyalarni to‘xtatib turamiz. Balki keyinchalik vaziyat tinch bo‘lsa, ularni qayta tiklashga ham hojat qolmas”.

Undan oldin, 6 mart kuni AQSh moliya vaziri Skott Bessent Vashington Hindistonga dengizdagi tankerlarda bo‘lgan Rossiya neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berganini aytgan edi. Bayonotda qayd etilishicha, bu chora qisqa muddatli xususiyatga ega bo‘lib, Moskvaga katta moliyaviy ustunlik bermaydi, chunki u faqat allaqachon jo‘natilgan yuklar bo‘yicha bitimlarga ruxsat beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid