Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Isroil boshqalar qo‘li bilan urushni kengaytirmoqchi” – siyosatshunoslar
Eron prezidenti Turkiya va Ozarboyjon rahbarlari bilan telefonda gaplashgach, keskinlik biroz yumshagandek bo‘ldi. So‘nggi kunlarda dronlar, raketalar va havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan bog‘liq voqealar turli gap-so‘zlarga sabab bo‘lyapti. Siyosatshunoslar Hikmatilla Kazakbayev va Kamoliddin Rabbimov bu voqealarga sharh berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjonda Eron droni, Turkiya hududida esa ikki marta Eron raketasi qulagani sabablariga aniq baho berish qiyin, lekin hodisalar Eron emas, Isroil manfaatlariga xizmat qiladi.
Xikmatilla Kazakbayev:
— Aslida 28 fevraldan beri yuz berayotgan voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, Isroil uzoq davom etadigan urush olib bora olmasligini yaxshi tushunadi. Shu sababli u mintaqadagi boshqa davlatlarni ham imkon qadar mojaroga tortishga urinmoqda.
Bu voqealarda Isroilning roli bo‘lishi mumkinligi haqida Turkiya prezidenti ham o‘z bayonotida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil mintaqada katta o‘yin boshlagan va boshqa davlatlarni, jumladan, Turkiyani ham bu urushga tortishga urinmoqda. Erdo‘g‘an o‘z chiqishida: “Birodar birodarga qarshi urushmaydi, biz sionistik rejimning tuzoqlariga tushmaymiz”, – deb ta’kidladi.
Avvaliga Isroil Eron bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirishga harakat qilgandek ko‘rinadi. Keyinchalik esa Turkiya bilan bog‘liq voqealar yuzaga keldi. Shaxsan men Eron Turkiya hududiga ataylab raketa uchirganiga ishonmayman.
Bu yerda Kipr omili ham muhim bo‘lishi mumkin. Kipr hududida Buyuk Britaniyaning harbiy bazalari mavjud va ulardan AQSh ham foydalanadi. Masalan, Gerald Ford aviatashuvchisi hozir Kipr atrofida joylashgani aytilmoqda. Eronga qarshi ayrim harbiy harakatlar aynan shu hududdan amalga oshirilayotgan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Eron tomonidan uchirilgan raketalar Kiprga yetib borish uchun Turkiya hududi orqali o‘tishi kerak edi. Ehtimol, bu raketalar NATO tizimlari tomonidan urib tushirilgan va ularning parchalari Turkiya hududiga qulagan bo‘lishi mumkin.
Bu vaziyatda Isroil uchun asosiy maqsad – mintaqa davlatlarini mojaroga tortish bo‘lishi mumkin. Chunki Isroil Eron bilan uzoq muddatli urush olib borish qiyinligini yaxshi tushunadi. Shu sababli u boshqa davlatlarni ham jarayonga jalb etishga harakat qilmoqda.
Bunday urinishlar kurdlar orqali ham kuzatilgan. Masalan, Iroq Kurdistonidagi kurd kuchlarini Eronga qarshi yo‘naltirishga harakat qilingani haqida gaplar bo‘ldi. Biroq bu yerda ham muhim omil mavjud: kurd guruhlari oldingi tajribadan saboq olgan.
Umuman olganda, Isroil Saudiya Arabistoni, Turkiya, Pokiston yoki Ozarboyjon kabi davlatlarni mojaroga jalb qilish orqali urush ko‘lamini kengaytirishga urinayotgandek ko‘rinadi. Chunki u Eron bilan uzoq muddatli urush olib borish qiyinligini yaxshi biladi.
Yana bir muhim jihat – raketa urib tushirilgandan keyin ham uning uchish yo‘nalishini radar tizimlari orqali aniqlash mumkin. Shuning uchun Turkiya bu masalada keskin va hissiyotga berilgan bayonotlar bermadi. Ehtimol, Turkiya hukumati raketaning asl yo‘nalishi Turkiya emas, balki boshqa hudud, masalan, Kipr bo‘lganini biladi.
Shu sababli ham rasmiy Anqara vaziyatni keskinlashtirmaslikka harakat qilmoqda. Chunki Eron ham Turkiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikka borishni istamaydi.
Kamoliddin Rabbimov:
— Hech qanday mantiqqa ko‘ra, hozirgi sharoitda Eron uchun Turkiya bilan to‘qnashuvga kirishish yoki Ozarboyjon bilan mojaro boshlash foydali emas. Bu uning manfaatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Turkiyaning geosiyosiy tafakkuri juda chuqur. Anqara yaxshi biladiki, agar mintaqada Eron zaiflashsa yoki yiqilsa, AQSh va Isroilning asosiy bosimi keyingi navbatda Turkiyaga qaratiladi. Chunki Turkiya o‘z siyosiy mustaqilligidan voz kechadigan davlat emas va mintaqadagi eng qudratli o‘yinchilardan biri hisoblanadi.
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘anning ritorikasi ancha keskin. U Isroilni ochiqchasiga “terrorchi davlat” deb atab kelmoqda. Bugungi Turkiya diplomatiyasining katta qismi ham aynan Isroil siyosatiga qarshi yo‘naltirilganini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, Eronda ham muammolar yo‘q emas. Hozir mamlakat ichida hokimiyatning yangi muvozanati shakllanayotgan davr ketmoqda. Yangi oliy rahbar sifatida Mujtaba Xominaiy nomi tilga olinmoqda, biroq u hali to‘liq siyosiy avtoritetni mustahkamlab ulgurmagan. Bunday jarayonlar vaqt talab qiladi.
Ayniqsa hozirgi inqirozli sharoitda siyosiy rahbarlar yopiq yoki xavfsiz joylarda faoliyat yuritayotgan paytda hokimiyat vakuumini tezda to‘ldirish oson emas. Bunga o‘xshash vaziyatlarni tarixda, jumladan, Afg‘oniston tajribasida ham ko‘rish mumkin.
Bugungi Eronda ma’lum ma’noda ikkita kuch markazi mavjud. Birinchisi – prezident Mas’ud Pizishkiyon boshchiligidagi hukumat. Ikkinchisi esa Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi. Bu tuzilma ancha jangovar ruhga ega bo‘lib, ayrim masalalarda hukumatdan farqli qarashlarga ega bo‘lishi tabiiy.
Eron hududidan uchirilgan ayrim raketalar Turkiya yoki Ozarboyjon havo hududiga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Biroq agar Eronning haqiqiy maqsadi aynan shu davlatlar bo‘lganida, zarbalar soni bir yoki ikki dona bilan cheklanmagan bo‘lardi. Bu holda ancha keng ko‘lamli va ko‘p sonli zarbalar berilishi ehtimoli yuqori edi. Masalan, hozir arab davlatlaridagi ayrim hududlarda AQSh harbiy bazalariga qarshi muntazam zarbalar kuzatilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Eron uchun Turkiya yoki Ozarboyjon bilan urush boshlashdan hech qanday strategik foyda yo‘q. Bunday qaror faqatgina yangi front ochilishiga olib keladi xolos.
Albatta, ayrim radikal qarashdagi harbiylar orasida boshqacha fikrlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, “agar biz yiqilsak, butun mintaqani ham urush girdobiga tortamiz” degan keskin pozitsiya mavjud bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biroq bu umumiy davlat strategiyasi degani emas.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
22:48 / 12.03.2026
Eron uzoq vaqtdan beri Ukrainaning dushmaniga aylangan – Zelenskiy
22:33 / 12.03.2026
Yaqin Sharqdagi urush Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?
21:19 / 12.03.2026
Eronda 3 milliondan ortiq aholi urush tufayli uylarini tark etdi – BMT
21:07 / 12.03.2026