Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yo‘l bezoriligiga qarshi reydlarda yuzlab haydovchilarga chora ko‘rildi
Respublika bo‘ylab yo‘l bezoriligi va qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish maqsadida o‘tkazilayotgan kuchaytirilgan reydlar davomida yuzlab haydovchilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining maxsus guruhlari tomonidan 10 kun davomida olib borilgan monitoring natijalari ma’lum qilindi.
Foto: IIV
Ma’lum qilinishicha, 26 fevraldan boshlab respublika hududlarida yo‘l bezoriligi va yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol buzilishlarini oldini olishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Monitoring guruhlari tomonidan xavfli va agressiv tarzda avtomobil boshqarayotgan 31 nafar haydovchi aniqlangan, shuningdek ular to‘planadigan 33 ta ko‘cha va joy belgilangan. Internet tarmoqlarida esa yo‘l bezoriligi holatlarini aks ettiruvchi 391 ta videorolik aniqlangan.
Tahlillar natijasida 338 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 296 ta avtomobil esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Shuningdek, xavfli haydovchilik va noqonuniy poygalarni targ‘ib qiluvchi 19 ta akkaunt faoliyati to‘xtatilgan.
Reyd tadbirlari davomida jami 16 845 ta qo‘pol qoidabuzarlik aniqlangan. Qoidabuzarlar orasida 101 ta holatda voyaga yetmagan shaxslar ishtirok etgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, avtomobillarga tyuning ishlarini amalga oshiruvchi avtoservis va ustaxonalar rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Kechasi o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 75 ta holatda narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq holatlar, shuningdek 1 024 ta holatda o‘tkir kesuvchi buyumlarni noqonuniy olib yurish holatlari aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, yo‘llarda xavfli harakatlarning oldini olish va tartibni ta’minlashga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Mavzuga oid
14:35 / 09.03.2026
Toshkentda yana o‘smirlar mashina boshqarib yurgani ma’lum bo‘ldi
11:23 / 14.01.2026
Maxsus komissiya Yangihayot va Sergeli tumanlarida ekologik reyd o‘tkazdi
12:53 / 08.12.2025
Toshkentda qidiruvdagi shaxs YPX reydi davomida aniqlandi
10:56 / 25.11.2025