Texnologiya | 18:08
535
2 daqiqa o‘qiladi

YouTube siyosatchilar va jurnalistlarni dipfeyklardan himoya qilishni boshlaydi

Soxta videolardan himoya qilish uchun yaratilgan yuzni tanib olish texnologiyasi jurnalistlar, davlat xizmatchilari va siyosiy nomzodlar orasida sinovdan o‘tkaziladi.

Foto: Pexels

YouTube platformasi dipfeyklarga (sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan soxta videolar) qarshi kurash dasturini kengaytirdi. Soxta videolardan himoya qilish uchun yaratilgan yuzni tanib olish texnologiyasini jurnalistlar, davlat xizmatchilari va siyosiy nomzodlar sinovdan o‘tkazishni boshlaydi.

Dastur ishtirokchisi neyrotarmoq uning xususiyatlarini eslab qolishi uchun pasporti fotosurati va qisqa videosini yuboradi. Shundan keyin YouTube yuklangan videolarni avtomatik skanerlaydi va bu yuzdan foydalanib SI yaratgan videolarni qidiradi. Agar shubhali kontent topilsa, shaxs uni tekshirishi va olib tashlashni so‘rashi mumkin.

O‘tgan yili bunday himoya YouTube hamkorlik dasturi ishtirokchilari bo‘lgan mualliflarga taqdim etilgan edi. Endi kompaniya jamoatchilik nazaridagi shaxslarga e’tibor qaratishga qaror qildi.

Ta’kidlanishicha, videoni birinchi talab bilan o‘chirib bo‘lmaydi. YouTube har bir shikoyatni «mavjud qoidalar» bo‘yicha ko‘rib chiqadi. Agar rolik «parodiya, satira yoki boshqa badiiy qiymatga ega» bo‘lib chiqsa, u platformada qolishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid