Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
14 yil orbitada bo‘lgan NASA sun’iy yo‘ldoshi Yerga qaytmoqda
Mutaxassislar ma’lum qilishicha, yirik hajmli Van Allen Probe A sun’iy yo‘ldoshi qariyb 14 yil orbitada bo‘lganidan so‘ng tez orada Yer atmosferasiga kirib keladi.
Taxminan 600 kilogramm og‘irlikka ega apparat 2012 yil avgust oyida o‘zining “egizagi” — Van Allen Probe B bilan birga uchirilgan edi. Har ikkala sun’iy yo‘ldosh ham Yerning radiatsiya kamarlarini, ya’ni Van Allen radiatsiya kamarlari deb ham ataladigan hududlarni o‘rganish uchun mo‘ljallangan edi.
NASA ma’lumotiga ko‘ra, apparatning katta qismi atmosferadan o‘tish chog‘ida yonib ketadi. Biroq konstruksiyaning ayrim elementlari atmosferaga kirishni boshdan kechirib, Yer yuziga tushishi mumkin.
Yerda kimdir jabr ko‘rish ehtimoli juda past — taxminan 4200 dan 1. Bu 0,02 foiz ehtimolga to‘g‘ri keladi. Olimlar qayd etishicha, Yer yuzasining qariyb 70 foizi okeanlar bilan qoplangan. Shuning uchun atmosferaga kirishdan ayrim bo‘laklar omon qolgan taqdirda ham, ular aholi yashaydigan hududlarga emas, balki ochiq okeanga tushishi ehtimoli yuqori. Shu bilan birga, yangi ma’lumotlar kelib tushishi bilan mutaxassislar hisob-kitoblarni yanada aniqlashtiradi.
Dastlab missiya faqat ikki yilga mo‘ljallangan edi, ammo sun’iy yo‘ldoshlar ishlashda davom etdi: Probe B — 2019 yil iyuligacha, Probe A — 2019 yil oktyabrigacha. Ular to‘plagan ma’lumotlar olimlar tomonidan hanuzgacha tahlil qilinmoqda.
Yerning radiatsiya kamarlarini o‘rganish koinot ob-havosi va Quyosh faolligining texnologiyalarga ta’sirini tushunish uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. NASA ma’lumotiga ko‘ra, bu tadqiqotlar Quyosh faolligining sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik missiyalarga ta’sirini prognoz qilishga, astronavtlar uchun xavflarni baholashga, shuningdek aloqa, navigatsiya va elektr tarmoqlari kabi yerusti tizimlarini himoya qilishga yordam beradi.
Dastlab har ikki apparat ham orbitada 2034 yilgacha qoladi, deb taxmin qilingan edi. Biroq so‘nggi yillarda Quyosh faolligi kuchaygan. Bu esa Yer atmosferasining yuqori qatlamlari kengayishiga va sun’iy yo‘ldoshlarga ta’sir qiluvchi atmosfera tormozlanishining kuchayishiga olib kelmoqda. Mutaxassislar fikricha, aynan shu omil Probe Aning orbitada qolish muddatini qisqartirgan.
Uning “egizagi” — Van Allen Probe B esa NASA prognozlariga ko‘ra, kamida 2030 yilgacha atmosferaga kirmaydi.
Mavzuga oid
09:15
NASA: El-Nino kuchaymoqda, 2026 yilda ob-havo rekordlari ehtimoli ortdi
09:59 / 29.05.2026
Jyeff Bezosning Oyga uchadigan raketasi sinov parvozi oldidan portlab ketdi
08:03 / 15.05.2026
Infografika: dunyoda eng ko‘p sun’iy yo‘ldoshga kim egalik qiladi?
08:05 / 05.05.2026