O‘zbekiston | 13:11 / 13.03.2026
757
3 daqiqa o‘qiladi

2028 yilgacha yengil sanoat tadbirkorlari uchun soliq imtiyozlari amal qiladi

Qonunchilikka muvofiq, 2028 yil 1 yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan, belgilangan talablarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari qo‘llanadi. Xususan, bunday sub’yektlar uchun foyda solig‘i 2 foiz, ijtimoiy soliq esa 1 foiz etib belgilangan.

Foto: Kun.uz

Mazkur imtiyozlar yengil sanoat tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sohada rasmiy bandlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ushbu yengilliklar barcha tadbirkorlarga emas, balki qonunchilikda ko‘rsatilgan aniq mezonlarga javob beradigan korxonalarga tatbiq etiladi.

Qonunga ko‘ra, mazkur soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun tadbirkorning har oydagi o‘rtacha ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida ikki baravari darajasida hisoblangan bo‘lishi lozim. Bu talab korxonalarda xodimlarga nisbatan munosib va rasmiy ish haqi to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, hisobot davrida to‘quv, tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan umumiy tushum jami tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushgan daromadning kamida 70 foizini tashkil etishi shart. Ya’ni, imtiyozdan foydalanish uchun korxonaning asosiy faoliyati aynan shu yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelishi kerak.

Ushbu tartib yengil sanoat sohasida ishlayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ish haqini “soya” iqtisodiyotidan chiqarish, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirishga ham xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, bunday soliq yengilliklari sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun moliyaviy yukni kamaytiradi, aylanma mablag‘larni ko‘paytirishga yordam beradi va ularga ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini yaratadi. Ayniqsa, tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik kabi mehnat talab qiladigan tarmoqlarda bu kabi imtiyozlar yangi ish o‘rinlari tashkil etishda muhim omil bo‘lishi mumkin.

2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladigan mazkur soliq imtiyozlari yengil sanoat tadbirkorlari uchun muhim qo‘llab-quvvatlov chorasi sifatida baholanmoqda. Undan foydalanish uchun esa korxonalar belgilangan ikki asosiy shart — munosib ish haqi to‘lanishi va tushumning asosiy qismi profil mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelishi talablariga rioya qilishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid