Jahon | 15:03
1122
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi harbiy bazaga dron zarbasi oqibatida fransuz harbiysi halok bo‘ldi

Yana kamida olti nafar harbiy yaralangan.

Iroqning Arbil viloyatidagi bazaga dron hujumi oqibatida Fransiyaning 7-o‘qchi batalyoni harbiy xizmatchisi Arno Frion halok bo‘ldi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirgan va askarning oilasi hamda quroldoshlariga hamdardlik bildirgan.

«Bir necha harbiy xizmatchimiz yaralangan. Fransiya ularni va ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlaydi», deya qo‘shimcha qilgan Makron. U jabrlanganlar soniga aniqlik kiritmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bazaga qilingan hujumdan keyin yirik yong‘in chiqqani aks etgan video tarqalgan.

O‘z navbatida, Arbil viloyati gubernatori Umid Xoshnau harbiy bazaga dron zarbasi oqibatida olti nafar fransuz harbiysi yengil yaralanganini ma’lum qilgan.

«2015 yildan beri IShIDga qarshi kurashda ishtirok etayotgan kuchlarimizga bunday hujumni qabul qilib bo‘lmaydi. Ular Iroqqa faqat terrorizmga qarshi kurash doirasida joylashtirilgan», – deya yozgan Fransiya prezidenti va Eron bilan urush «bunday hujumlarni oqlay olmasligi»ni qayd etdi.

Fransuz nashrlari bu mamlakat qurolli kuchlari uchun AQSh va Isroilning 28 fevral kuni Eronga qarshi boshlagan urushi davridagi ilk yo‘qotish ekanini qayd etgan.

Arbildagi fransuz harbiylariga hujum ortida kim turgani hozircha aniq emas. 12 mart kuni Iroqda harakat qiluvchi va Eron ta’sirida bo‘lgan «Ashab al-Kaxf» guruhi Fransiya harbiy-dengiz flotining «Sharl de Goll» nomli aviatashuvchisi Fors ko‘rfaziga olib kelinishiga javoban Fransiyaning mintaqadagi kuchlariga zarbalar yo‘llanishini e’lon qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid