Jahon | 16:28
4472
6 daqiqa o‘qiladi

Urush. Tramp g‘alaba e’lon qildi. Nahotki?

Bugun Amerika va Isroil Eronga qarshi boshlagan urushning 15-kuni. Urush nega davom etayotgani, amerikaliklar o‘zi nima istayotgani tushunarsiz. Tramp urushda g‘olib bo‘lganini e’lon qildi. Lekin g‘alaba nima degani? Eron Amerika bilan do‘st bo‘lib qoldimi? Isroilni yo‘q qilish da’vosidan voz kechdimi? Yo‘q, albatta. Menimcha, Tramp Eronga qarshi urush xato bo‘lganini tushunib bo‘ldi. Shu sabab o‘zini muzaffar sarkardadek ko‘rsatishga urinmoqda.

Razvedka nima deydi?

Amerika urush davomida hech qanday maqsadiga erishmagani haqida gapirgandik. Keling, bu borada aniq faktlarga to‘xtalamiz. Reuters o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Amerika razvedkasi Eronda tuzum qulaganining hech qanday asoratini ko‘rmagan. Razvedkachilar Eronda boshqaruv amalda o‘zgarmagani, tuzum hamon aholi ustidan to‘liq nazoratga egaligiga e’tibor qaratgan. Yana takrorlayman, bu bizning gapimiz emas, amerikalik razvedkachilar kelgan xulosalar.

Reuters manbalariga ko‘ra, isroillik mulozimlar ham urush Eronda hukumat o‘zgarishiga olib kelmasligini tan olgan. Nashr bilan suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, Amerika va Isroilda Eron amaldagi boshqaruv tizimini ag‘darish bo‘yicha hech qanday reja yo‘q.

Urush qanchaga tushdi?

Eronga qarshi urush Amerika g‘aznasiga qimmatga tushdi. Amerikalik senatorlar Tramp ma’muriyati vakillari tomonidan o‘tkazilgan yopiq brifingda «Xo‘sh, janoblar, ayting-chi, mister Trampning urushi bizning soliq to‘lovchilarga qanchaga tushyapti?» deb so‘rashdi. Devondagilarning aytishicha, urushning dastlabki olti kuni uchun 11,3 milliard dollar sarflangan. Xususan, birinchi ikki kundagi intensiv bombalash uchun 5,6 milliard dollarlik o‘q-dori ishlatilgan.

Tramp saylov kampaniyasi davomida budjet pullarini tejashga e’tibor berishini aytgan, tepasiga Ilon Maskni qo‘yib, butun boshli «pul tejovchi departament» ham tuzgandi. Bir haftada 11 milliard dollarlik o‘q-dorini maqsadsiz otib yuboradigan bo‘lsa, bunaqa pul tejashdan nima foyda hayronman.

Tanish ritorika

Tramp kechagi chiqishida «AQSh Eron ustidan g‘alaba qozongani», hammasi kutilganidan ancha oson kechganini aytdi: «Menga operatsiya nomini tanlash uchun bir nechta variant berishdi. Qarasam ular orasida «Epik g‘azab» degani ham borakan, qanday ajoyib, menga yoqdi! Bu juda ajoyib nom, agar jangni yutsak. Biz yutdik, birinchi soatlardayoq yutib bo‘lgandik. Barchasi biz o‘ylagandan osonroq kechdi».

Darvoqe, AQSh prezidenti Eronga qarshi urushni urush deb atamayapti: «Bu ular uchun urush, biz uchun esa bu kutilganidan ancha oson narsa bo‘lib chiqdi». Avvalroq Amerika prezidenti urushni «kichik ekskursiya» deb atagandi. Urush boshida AQSh urush vaziri Pit Hegset esa «Biz urushni boshlamadik, uni tugatamiz», degandi. Juda tanish ritorika, siz ham bir odamni esladingizmi? Barchasi to‘kis bo‘lishi uchun alifbodagi harflardan birortasini urush ramzi deb tanlashsa, kifoya.

Eronning obro‘si oshdi

Bilasizmi, Amerika va Isroil hujum qilganidan keyin xalqaro maydonda Eronning obro‘si oshib ketdi. Bu davlat Isroilni o‘zining asosiy dushmani deb bilar, islom inqilobidan keyin davlat mavjudligining yagona mazmuni Isroilni yo‘q qilish deb e’lon qilgandi. Lekin Eron o‘tgan yilgacha Isroil bilan biror marta to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashmagan.

G‘azoda urush boshlangach, u yerda hukumat bo‘lgan HAMASni qo‘llovchi asosiy davlat Eron yana hech narsa qilmadi, Isroilga faqat «Hizbulloh» va husiychilar qo‘li bilan hujumlar qilindi. G‘azodagi urush Eronning obro‘siga salbiy ta’sir qildi, «Bular faqat bayonot berishni biladi, Isroilga baribir qarshi chiqmaydi», deyishdi. Lekin hozir Eron Isroil u yoqda tursin, bu davlat mavjudligining garovi bo‘lmish butun boshli Amerikaga qarshi urushyapti.

40 yillab sanksiya ostida yashayotgan davlatga dunyodagi hamma davlatlar harbiy budjetini yig‘ganidan ham ko‘proq pulni armiyasiga sarflaydigan dahshatli davlat hujum qilsa va urushning 14-kunida ham hujumga uchragan davlat Amerika degan davlat ittifoqchilarini, Isroilni bombalashda davom etayotgan bo‘lsa, demak bu – kuchli davlat. Ishoning, Eron butun dunyo o‘ylaganidan kuchliroq bo‘lib chiqdi.

«Bonusiga» dunyoda Amerikani yomon ko‘radigan odamlar ichida Eronning obro‘si tarixda kuzatilmagan darajada oshdi. Men bu davlatdagi boshqaruv, u yerdagi demokratiyaga to‘siqlar, odamlarga qarshi repressiyalar haqida gapirmayapman, dunyodagi reallik haqida aytyapman. Asl reallik shunday – urush Amerikani obro‘sizlantirdi, Eronning obro‘sini oshirdi.

Va mana shu payt Tramp chiqib «Biz urushni yengdik, g‘alaba!» deyapti. Agar Eronning xalqaro maydondagi obro‘sini oshirish uchun urush boshlagan bo‘lsangiz, ok, siz yutdingiz, mister prezident. Lekin unutmang, hech qaysi urushda g‘olib bo‘lmaydi. Agar bo‘lsa ham, g‘olib kim ekani ijtimoiy tarmoqdagi postlarda emas, tarixning aldab bo‘lmas sahifalarida yoziladi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid