Jahon | 13:52 / 13.03.2026
3226
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Kiyevga inkassator mashinalarini pullarsiz qaytaradi

5 mart kuni ushlangan Ukraina davlat banki - “Oshchadbank”ning ikki inkassator avtomobili Ukrainaga qaytariladi, ammo ular ichida bo‘lgan pul va oltin Vengriyada qoladi, deb yozmoqda “Yevropeyskaya pravda” nashri manbalariga tayanib.

Foto: Mykola Tys/ZUMAPRESS/picture alliance

Vengriya hokimiyati Ukraina davlat banki “Oshchadbank”ka ushlab qolingan ikki inkassator avtomobilini qaytaradi, ammo ular ichida bo‘lgan pul va oltin Kiyevga topshirilmaydi. Bu haqda 12 mart, payshanba kuni Ukrainaning “Yevropeyskaya pravda” nashri vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar qildi.

Rejaga ko‘ra, avtomobillar shu kuniyoq topshiriladi. Bu haqda ukrain tomoni advokatlariga tergov olib borayotgan Vengriya Milliy soliq va bojxona xizmati tergovchilari ma’lum qilgan. “Yevropeyskaya pravda”ning yozishicha, pul va oltin shu hafta qabul qilingan qonunga muvofiq Vengriyada qoladi. Ushlangan avtomobillarning holati haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Ichida 40 million dollar, 35 million yevro va to‘qqiz kilogramm oltin bo‘lgan “Oshchadbank”ning ikki avtomobili 5 mart kuni Vengriyada ushlangan edi. Vengriya hokimiyati pul yuvish gumoni bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, pul va qimmatbaho metallni tashishga go‘yoki Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX)ning sobiq generali hamda harbiy tajribasiga ega yana bir necha shaxs rahbarlik qilgan.

“Oshchadbank”da esa ukrain inkassatorlari mablag‘lar va qimmatliklarni Avstriyaning “Rayffayzenbank”i bilan tuzilgan xalqaro kelishuv “doirasida va uni bajarish maqsadida” tashiganini bildirgan. Kiyev inkassatorlarni ozod qilish va mol-mulkni qaytarishga chaqirgan.

Keyingi kuni ushlab turilgan yetti nafar inkassator vatanga qaytgan. Shundan so‘ng Ukraina yana Vengriyadan pul va oltin quymalarini qaytarishni talab qildi. Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa yuz bergan voqeani “davlat banditizmi va reketning misli ko‘rilmagan akti” deb atadi va Ukrainaning yevropalik sheriklarini bu bo‘yicha munosabat bildirishga chaqirdi. “Bu pullar Vengriyaga yoki uning hukumatiga tegishli emas, ular Ukraina davlat banki ‘Oshchadbank’ka, demakki, ukrain soliq to‘lovchilariga tegishli”, — dedi Sibixa.

Vengriya 20 fevraldan buyon Yevropa Ittifoqining Ukrainaga pul yordamini bloklab turibdi. Gap 90 milliard yevro miqdoridagi kredit haqida ketmoqda, shundan 60 milliard yevro bevosita mamlakatni Rossiya Federatsiyasining harbiy tajovuzidan mudofaa qilish uchun mo‘ljallangan.

Vengriya o‘z vetosini Ukraina hududi orqali o‘tuvchi “Drujba” neft quvuriga Rossiya zarba berganidan keyin endi Rossiya neftini ololmayotgani bilan izohlamoqda, chunki Kiyev go‘yoki ta’mirlash ishlarini amalga oshirmayapti. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Budapesht tanqidiga javoban Rossiya neftining Yevropa bozorida o‘rni yo‘qligini aytdi.

Peter Siyyartoning so‘zlariga ko‘ra, Budapesht “Rossiya neftining ‘Drujba’ quvuri orqali Vengriyaga tranziti tiklanmaguncha” o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid