Jahon | 21:35 / 14.03.2026
4209
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh urushni to‘xtatishi nimaga bog‘liq?

Donald Tramp ma’muriyati Erondagi urushdan chiqishini bir nechta omillar belgilaydi, deydi siyosiy tahlilchilar. Hamza Boltayevga ko‘ra, AQShdagi narx-navolar o‘sishidan tashqari, arab davlatlari va Xitoyning bosimi muhim rol o‘ynaydi. Farhod Tolipovning qayd etishicha, noyabrdagi oraliq saylovlar arafasida respublikachilar orasida ham urushga qarshi kayfiyat kuchayib boryapti.

Ayni mavzu Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida muhokama qilindi.

— AQSh urushdan qanday ssenariy asosida chiqishi mumkin va bu qaysi omillar hisobiga?

Hamza Boltayev: Hozirgi kunda AQShning eng muhim strategik yo‘nalishlaridan biri – Xitoydan texnologik ustunlikni saqlab qolish. Bundagi eng ustuvor yo‘nalish – sun’iy intellekt. Sun’iy intellekt rivoji uchun esa energiya resurslari, moliyalashtirish va data-markazlar qurish kerak. Arab mamlakatlarining ana shu jarayondagi, qolaversa, AQSh fond bozoridagi ishtiroki juda katta. Ko‘rfaz mamlakatlari, xususan Saudiya Arabistoni va BAA Amerika ichki iqtisodiyotiga sezilarli investitsiya kiritadi.

Yaqinda ayrim shayxlar va arab milliarderlari o‘z ijtimoiy tarmoqlarida yoki Yaqin Sharqdagi telekanallarda mablag‘larini AQShdan olib chiqishlari mumkinligi haqida ogohlantirish berishdi.

Boshqa muhim omil – arablar neftni AQSh dollarida sotishi. Neft eksport qiluvchi arab mamlakatlari asosan faqat dollarda savdo qiladi. Hozir yuan bilan ba’zi kelishuvlar bo‘layotgan bo‘lsa-da, dollar hali ham asosiy valuta sifatida mustahkam. Shu sababli petrodollarning o‘zgarishi – AQSh uchun katta iqtisodiy va siyosiy zarba bo‘lishi mumkin.

Uchinchi drayver – aprel oyi boshida Pekinda Si Jinping va Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Hozir Xitoy ommaviy axborot vositalari va rasmiylari AQSh prezidentining Pekinga tashrifiga tayyorgarlikdan uncha mamnun emasligini bildirmoqda. Tramp ma’muriyati esa har qanday vaziyatda Si Jinping bilan uchrashuv bo‘lishini juda muhim deyapti.

Xitoyning signalidan shuni tushunish mumkin: urush siz uchun muhimmi yoki biz bilan kelishuvga erishish muhimmi, degan masalaga sekin-sekin ishora qilinmoqda. Bu signal Trampning kechagi so‘zlaridan oldin sizdirilgan.

Shuningdek, Xitoy bosiq bayonotlar orqali AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlaridan noroziligini ko‘rsatmoqda.

Farhod Tolipov: Qo‘shimcha qilib aytish joizki, shu yil noyabrida Kongressga o‘tkaziladigan oraliq saylovlar bor. Hozir Kongressdagi respublikachilar orasida ham tanqidiy kayfiyatlar kuchayib boryapti. Urush cho‘zilsa, Amerikada ham talafotlar oshib boraveradi. Bu esa saylovda respublikachilarning pozitsiyasini yomonlashtiradi.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid