Jamiyat | 15:20
721
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘lajak o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlashdan ixtiyoriy tarzda o‘tishi mumkin

O‘zbekistonda pedagogika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yana bir yangi imkoniyat yaratilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, bo‘lajak o‘qituvchilar yakuniy attestatsiya bilan bir vaqtda, o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Ta'lim.uz

Mazkur tartibni joriy etish Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 2 fevraldagi 87-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Taklif etilayotgan yangi tartibga muvofiq, 2028-2029 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029-2030 o‘quv yilidan esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalariga ushbu imkoniyat taqdim etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, bitiruvchi talabalar yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tish bilan birga kasbiy sertifikatlash sinovlarida ham qatnashishi mumkin. Agar ular ushbu sinovlarni muvaffaqiyatli topshirsa, mutaxassis o‘qituvchi lavozimida ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatga ega bo‘ladi.

Bu yangilik pedagogika sohasida faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki amalda davlat yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tamomlab, maktabga pedagogik kasb bo‘yicha birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilardan bir yil ichida kasbiy sertifikat olish talab etiladi. Yangi mexanizm esa ushbu jarayonni ancha yengillashtirib, bitiruvchilarga mehnat faoliyatini boshlash arafasidayoq zarur hujjatni qo‘lga kiritish imkonini berishi mumkin.

Bu amaliyot pedagog kadrlar tayyorlash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasini ertaroq aniqlash hamda ta’lim muassasalariga malakali kadrlarni jalb etish jarayonini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid