O‘zbekiston | 15:31 / 14.03.2026
1680
3 daqiqa o‘qiladi

Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi

O‘zbekistonda milliy statistika tizimi samaradorligini oshirish, soha mutaxassislari salohiyatini kuchaytirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu prezidentning “Milliy statistika tizimi mutaxassislari malakasini oshirish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali yuqori samaradorlikka erishish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Foto: Getty Images

Hujjatga ko‘ra, mazkur qarorning asosiy maqsadlaridan biri har ikki yilda 3 ming nafar milliy statistika tizimi mutaxassisini o‘qitib borish imkoniyatini yaratishdan iborat. Bu orqali sohada faoliyat yuritayotgan kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam yangilab borish, zamonaviy statistik yondashuvlarni amaliyotga keng tatbiq etish hamda ma’lumotlar bilan ishlash sifati va tezkorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, qarorda yashirin va kreativ iqtisodiyotni baholash maqsadida statistika metodologiyasini takomillashtirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu esa iqtisodiyotning turli sohalarida kechayotgan jarayonlarni yanada aniq va to‘liq baholash imkonini beradi.

Qaror bilan Milliy statistika qo‘mitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari ham tasdiqlandi. Mazkur institut kelgusida statistika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, amaliy bilimlarni kuchaytirish va sohadagi zamonaviy ehtiyojlarga javob beradigan ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutadi.

Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab institutda vazirlik va idoralarning ma’muriy ma’lumotlarni yuritish, statistika uslubiyotlarini ishlab chiqish va ochiq ma’lumotlar portali bilan ishlashga mas’ul xodimlari uchun har ikki yilda shartnoma asosida 48 soatgacha bo‘lgan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, statistika hisobotlarini taqdim etuvchi sub’yektlar, jumladan, tadbirkorlar uchun ham zarur amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa statistik hisobotlarni tayyorlash va taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish, ma’lumotlarning sifatini oshirish hamda tadbirkorlik sub’yektlarining bu boradagi xabardorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur qaror milliy statistika tizimini zamon talablari asosida yanada takomillashtirish, sohada raqamli yechimlarni kengaytirish va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali yuqori samaradorlikka erishishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid