Jahon | 14:19
1653
4 daqiqa o‘qiladi

YeI diplomatiyasi rahbari Kallas: Tramp Yevropani parchalashga intilmoqda

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning aytishicha, Donald Tramp Yevropani bo‘lib yuborishni istaydi. Bu haqda AQShning yaqinda qabul qilingan milliy xavfsizlik strategiyasi ham dalolat beradi. U: “Ularga YeI yoqmaydi”, deb ta’kidladi.

Foto: Wojtek Radwanski/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yevropa Ittifoqiga qarshi bo‘lgan kuchlar qo‘llaydigan taktika yordamida Yevropani bo‘lishni istamoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 13 mart, juma kuni e’lon qilingan Financial Times (FT) gazetasiga bergan intervyusida aytdi. Kallas shunday dedi: “Menimcha, hamma AQSh Yevropani bo‘lib yuborish istagini juda aniq bayon qilganini tushunishi muhim. Ularga Yevropa Ittifoqi yoqmaydi”.

Kaya Kallasning ta’kidlashicha, Donald Tramp iqtisodiy tahdidlar va bojlardan foydalanmoqda, shuningdek Grenlandiyani anneksiya qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan va Bryusselga bosim o‘tkazish uchun Yevropaning mudofaa va xavfsizlik masalalarida Vashingtonga qaramligidan foydalangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan tashqari, Tramp tarafdorlarining ultrakonservativ MAGA harakati Yevropadagi o‘ta o‘ng, populist va yevroskeptik partiyalarni ham qo‘llab-quvvatlashni yoygan.

Tramp AQSh prezidenti lavozimiga qayta kirishganidan beri Yevropa Ittifoqini bir necha bor keskin tanqid qildi. U YeI go‘yoki AQShdan “foydalanish” uchun tuzilganini va uzoq vaqt mobaynida shu orqali manfaat ko‘rib kelganini iddao qildi.

FT'ga bergan intervyusida Kaya Kallas Bryussel va Vashington o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarni “juda murakkab” deb ta’rifladi. U shunday dedi: “Agar siz milliy xavfsizlik strategiyasi va milliy mudofaa strategiyasi (AQShning — tahr.) bilan tanishsangiz, menimcha, hech qanday xomxayolga berilmasligingiz kerak”.

Kallas bu bilan Oq uy tomonidan dekabr va yanvar oylarida e’lon qilingan hujjatlarni nazarda tutdi. Ularda Yevropada “qarshilikni rivojlantirish” va Yevropa qit’asida AQSh harbiy qo‘llab-quvvatlovini “qayta moslashtirish” zarurligi haqida chaqiriqlar bor edi.

Bundan tashqari, u YeIga a’zo 27 davlat AQSh bilan kelgusidagi munosabatlarni qanday qurish masalasida turli fikrda ekanini aytdi. Kaya Kallasning so‘zlariga ko‘ra, qisqa muddatli istiqbolda “Trampni mamnun qilish ham, AQShga qaramlikni kamaytirish ham mumkin”, chunki Yevropa mamlakatlari hozircha Amerika harbiy mahsulotlarini sotib olishdan voz kecha olmaydi.

FT ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari, ayniqsa Moskva ritorikasiga mafkuraviy jihatdan yaqin bo‘lgan Vengriya va Slovakiya, Tramp bilan munosabatlardagi taranglikni kuchaytirishi yoki Amerika qo‘shinlarining qit’adan ehtimoliy chiqib ketishini tezlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday tashabbusga juda keskin munosabat bildirmoqda. Yevropa Ittifoqi vakillarining aytishicha, bu keyingi qadamlar bo‘yicha umumiy kelishuvga erishishni o‘ta qiyinlashtirmoqda.

Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi davlatlarini masalalarni ikki tomonlama asosda emas, balki faqat birgalikda hal qilishga chaqirdi. U shunday dedi: “Ularga (AQShga — tahr.) bizning birgalikdagi ishtirokimiz yoqmaydi, chunki biz birga bo‘lsak, teng kuchga aylanamiz”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid