O‘zbekiston | 22:30 / 15.03.2026
5736
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada ayrim bolalar o‘yinchoqlari savdodan olib tashlanmoqda

O‘rganishlar va laboratoriya sinovlari natijalariga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning qator xavfsizlik talablariga muvofiq emasligi aniqlangan. 

Foto: Telegram/departamentrasmiy

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi tomonidan savdo shoxobchalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida sotuvdagi ayrim bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlari va amaldagi talablarga muvofiqligini aniqlash maqsadida laboratoriya sinovlariga yuborildi.

Jumladan, “SQUILSHY JELLY BALLS” (siqiladigan jyele sharlari) hamda “Slime Monster Lab” (slaym) nomli o‘yinchoqlardan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazildi.

O‘rganishlar va laboratoriya sinovlari natijalariga ko‘ra, ushbu mahsulotlar “Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti” ning tamg‘alashga oid xavfsizlik talablariga muvofiq emasligi aniqlandi. 

Xususan, mahsulot tamg‘asida import qiluvchi haqidagi ma’lumotlar, saqlash usullari, yaroqlilik muddati, saqlash shartlari hamda xavfsizlik choralariga oid ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, laboratoriya sinovlari natijalariga ko‘ra, o‘yinchoqlar hid intensivligi ko‘rsatkichi hamda ichi suyuqlik bilan to‘ldirilgan o‘yinchoqlarda suyuqlik sizib chiqmasligi talablari bo‘yicha ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan savdo sub’yektlariga ogohlantirish xatlari yuborildi hamda mazkur mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish bo‘yicha tegishli taqdimnomalar kiritildi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid