Jahon | 17:02
5859
11 daqiqa o‘qiladi

Pedro Sanches – urushga va Trampga «yo‘q» degan AQShning ittifoqchisi

Yevropalik yetakchilarning aksariyati AQShning Erondagi urushini qo‘llash borasida juda nozik yo‘lni tutmoqda. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa AQSh zarbalarini ochiqchasiga tanqid qilib, Donald Trampning g‘azabi va tahdidlariga sabab bo‘ldi.

Foto: Tramp va Sanchesning portreti / Foto: Financial Times

Ispaniya Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muhim savdo va investitsiya aloqalariga ega va NATO bo‘yicha ittifoqchi hisoblanadi. O‘tgan yili mamlakatga 4 million amerikalik tashrif buyurdi, deb yozmoqda CNN nashri. Shuningdek, shu oyning o‘zida Amazon kompaniyasi Ispaniyadagi ma’lumotlar markazlariga kiritadigan investitsiyalari miqdorini qariyb 40 milliard dollarga yetkazishini ma’lum qildi.

AQSh Ispaniya janubidagi Rota va Moron shaharlarida yirik harbiy obektlarga ham ega. Aynan ushbu bazalardan foydalanish masalasi so‘nggi mojaroga sabab bo‘ldi: Ispaniya hukumati ulardan Eron zarbalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalanishni taqiqlab qo‘ydi.

Oy boshida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tramp g‘azab bilan Ispaniya bilan savdo aloqalarini uzish bilan tahdid qildi.

Sanchesning tarixiy nutqi

Sanches esa Trampning asabiy nutqidan keyin 24 soat o‘tmay, milliy televideniye orqali chiqish qilib «urushga yo‘q» dedi. Sanchesning aytishicha, hatto hujumchi birinchi boshlaganlarning maqsadlari ham tushunarsiz, Ispaniyaning esa maqsadi aniq:

«Bu biz Ukraina va G‘azoda ham egallagan o‘sha pozitsiyadir. Tinch aholini himoya qiladigan xalqaro huquqning buzilishiga, dunyo o‘z muammolarini faqat bombalar orqali hal qilishi mumkin, degan qarashga va o‘tmishdagi xatolarni takrorlashga «yo‘q» deymiz. Qisqacha aytganda, Ispaniya hukumatining pozitsiyasini uch so‘z bilan ifodalash mumkin: urushga yo‘q, deymiz».

Bundan tashqari, Sanches – Bush ma’muriyati oldin ham yevropaliklarni urushga tortganini eslatdi.

«Yigirma uch yil oldin AQShning boshqa bir ma’muriyati bizni Yaqin Sharqdagi urushga tortgandi. Nazariy jihatdan Saddam Husaynning ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘q qilish, demokratiya olib kelish va global xavfsizlikni kafolatlash uchun olib borilayotgani aytilgan o‘sha urush, aslida, ortga qarab xulosa qilinganda, teskari natija berdi», deydi u.

Foto: AP

Shu bilan birga, u yana yetakchilarning burchi odamlar hayotini yaxshilash ekanini ta’kidlab, Trampga ishora qildi: «O‘z burchini bajara olmayotgan yetakchilarning o‘z muvaffaqiyatsizliklarini yashirish va shu jarayonda bir necha kishi – o‘sha doimiy boylarning cho‘ntagini qappaytirish uchun urush tutunidan foydalanishi mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Dunyo shifoxonalar qurishni to‘xtatib, raketalar qurishni boshlaganida faqat o‘sha boylar foyda ko‘radi», dedi Sanches.

Ispaniya bosh vaziri uning hukumati harbiy harakatlarni to‘xtatish va ushbu urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishni talab qilishda davom etishini aytdi.

«Men buni aniq aytmoqchiman, chunki «talab qilish» so‘zi bu o‘rinda to‘g‘ri so‘zdir. Chunki Ispaniya Yevropa Ittifoqi, NATO va xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli a’zosidir. Va bu inqiroz bizga, yevropaliklarga va binobarin, ispanlarga ham ta’sir qiladi. Shuning uchun biz Amerika Qo‘shma Shtatlari, Eron va Isroildan juda kech bo‘lmasdan to‘xtashni qat’iy talab qilishimiz kerak.

Men buni ko‘p marta aytganman va yana takrorlayman: bir noqonuniylikka boshqa bir noqonuniylik bilan javob qaytarib bo‘lmaydi, chunki insoniyatning buyuk ofatlari aynan shundan boshlanadi», degan Sanches.

Sanchesning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa muvofiqlashtirilgan va haqiqatan ham samarali javob choralari ustida ishlamoqda. Shuningdek, ular unutilmaslikka loyiq bo‘lgan ikki nuqta — Ukraina va Falastinda adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun ishlashda davom etadi.

Sanches shu bilan birga, uning xalqi Iroqdagi Saddam Husayn va Eronning hozirgi rejimlarini qo‘llamasligini, balki xalqaro huquq tomonida ekanini qayd etdi.

«Ba’zilar bizni buni qilganimiz uchun soddalikda ayblashar, ammo asl soddalik — zo‘ravonlik yechim deb o‘ylashdir. Demokratiya yoki davlatlararo hurmat vayronalar ichidan o‘sib chiqadi deb ishonish soddalikdir. Yoki ko‘r-ko‘rona va quldek bo‘ysunishni yetakchilikning bir shakli deb o‘ylash soddalikdir.

Aksincha, men bu pozitsiya umuman soddalik emas deb hisoblayman; u izchil pozitsiyadir va shuning uchun biz kimningdir qasosidan qo‘rqib, dunyo uchun zararli bo‘lgan, shuningdek, bizning qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga zid bo‘lgan narsaga sherik bo‘lmaymiz. Urush faqat sanoqli kishilarga foyda keltiradi. Tinchlik esa barchamizga foyda beradi», deya so‘zlarini yakunladi Ispaniya bosh vaziri.

Yevropa va Tramp munosabatlari

Tramp Ispaniyaga nisbatan o‘z tahdidlarini Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan Oq uydagi uchrashuvi chog‘ida bildirdi. Mers esa indamay qarab turdi — bu Yevropaning Tramp bilan munosabatlardagi yana bir mushkul vaziyatidan dalolat edi.

O‘tgan yil davomida ko‘plab Yevropa yetakchilari Trampni xushomad va yon berishlar bilan tinchlantirishga harakat qilishdi. Shu bilan birga vaqti-vaqti bilan «qizil chiziqlar»ni – masalan, Grenlandiya masalasida belgilab qo‘yishdi.

Fridrix Mers va Donald Tramp Oq uyda / Foto: AFP

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bir safar Tramp haqida: «Dadamiz ba’zan qattiq tilda gapirishi kerak», deb uni ulug‘lab yubordi.

Bu safar gap Yevropa o‘z hududidagi bazalardan AQShning Eronga qarshi zarbalari uchun foydalanishga ruxsat beradimi-yo‘qmi, degan masala ustida bormoqda.

Tramp Germaniya va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonini hamkorlik uchun maqtagan. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerga nisbatan esa munosabat boshqacha. Buyuk Britaniya dastlab Eronni bombardimon qilish uchun o‘z bazalaridan foydalanish haqidagi Vashington so‘rovini rad etgan edi, biroq keyinroq Bosh vazir Kir Starmer AQShga «mudofaa operatsiyalari» uchun ruxsat berilishini aytdi. Bu yon berish Trampning nazarida unga ko‘p foyda keltirmadi.

Yevropa Ittifoqi komissiyasi va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Ispaniya bilan birdamlik bildirdi. Ittifoq rasmiylari «bir a’zo davlatga qilingan iqtisodiy bosim butun Yevropa Ittifoqiga qilingan tahdid» ekanini ta’kidlab, Vashingtonni xalqaro savdo qoidalarini hurmat qilishga chaqirdi.

Sanches va Trampning kelishmovchiliklari

Hozirgi kundagi asosiy ziddiyat AQShning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari uchun Ispaniyadagi Rota va Moron harbiy bazalaridan foydalanish so‘rovi bilan boshlandi. Pedro Sanches hukumati ushbu operatsiyalar xalqaro huquqqa zid va mintaqani beqarorlashtiruvchi deb hisoblab, AQSh samolyotlariga bazalardan foydalanishni rasman taqiqladi.

Moron aviabazasida AQSh Harbiy-havo kuchlarining Boeing KC-135 Stratotanker samolyoti harakatlanmoqda. Foto: Reuters / Arxiv surati

Prezident Tramp bu qarorni «ittifoqchilik majburiyatlariga xiyonat» deb atadi va Ispaniyani «dahshatli ittifoqchi» deb ta’rifladi. Ispaniyaning harbiy hamkorlikdan bosh tortishiga javoban, Donald Tramp Ispaniya bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatish va embargo joriy etish bilan tahdid qildi.

U qo‘shimcha qilib: «Agar xohlasak, ularning bazasidan foydalanishimiz mumkin, shunchaki uchib boramiz va foydalanamiz, hech kim bizga foydalanma, deya olmaydi», dedi.

Keyinroq, Oq uy o‘zining savdo tahdidlari Ispaniyani AQSh harbiylari bilan hamkorlik qilishga majbur qilganini aytganida, bu da’vo ham tezda rad etildi.

Tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Madridning «Yaqin Sharqdagi urush va Eronning bombardimon qilinishi, shuningdek, bazalardan foydalanish borasidagi pozitsiyasi zarracha o‘zgargani yo‘q»ligini ma’lum qildi.

Aslida Trampning savdo embargosi haqidagi tahdidi amalda qo‘llanishi qiyin, chunki Ispaniya Yevropa Ittifoqi bojxona ittifoqi a’zosi. Ispaniyaga embargo qo‘yish — butun Yevropa bilan savdo urushini boshlash demakdir.

Tramp va Sanches G‘azo masalasi bo‘yicha Misrdagi sammitda – oktyabr, 2025 yil / Foto: AP

Bundan tashqari, Sanches Grenlandiya, Xitoy bilan aloqalar hamda mudofaa xarajatlari kabi ko‘plab masalalarda Trampning g‘ashiga tegishda davom etmoqda.

«Ispaniya bilan nima bo‘layotganini tushunmayapman; shekilli, ular tekinga sayohat qilmoqchi», degandi Tramp yanvar oyida. O‘shanda Sanches NATOning boshqa a’zolari kabi 2035 yilgacha mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishdan bosh tortgan. «Men bosh vazir bo‘lganimdan beri Ispaniya mudofaa xarajatlarini uch baravar oshirdi», deb javob qaytardi Sanches.

Sanchesning ichki siyosati va iqtisodiyot

Sanches uchun Tramp bilan janjallashish xavfli bo‘lishi mumkin. Ammo bu uning mo‘rt koalitsion hukumatiga markaziy-chap qanot qo‘llovini mustahkamlashda yordam ham berishi mumkin, deb yozmoqda CNN.

«Sanches tashqi siyosatdan – mamlakat ichidagi siyosiy tashabbusni qayta qo‘lga olish uchun foydalanmoqda», deydi Ipsos so‘rovnoma firmasi xodimi Kamas Garsiya.

Garsiyaning ta’kidlashicha, Trampning Ispaniyadagi mashhurligi rekord darajada past — fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra atigi 16%. Agar muxolifat Sanchesning pozitsiyasini qattiq tanqid qilsa, ular o‘z saylovchilari ham rad etadigan AQSh prezidenti tomonida turgandek ko‘rinib qolish xavfi bor.

Pedro Sanches Haagada NATO sammitining umumiy suratga tushish marosimiga kelmoqda / Foto: EPA

Iqtisodiy jihatdan, Trampning Yevropaning to‘rtinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Ispaniyaga tahdidlari aytilganidek dahshatli bo‘lmasligi mumkin. Ispaniya Yevropaning eng jonli iqtisodiyotlaridan biri bo‘lib, uning tashqi savdosining atigi 5 foizi AQSh bilan amalga oshiriladi. Biroq, Ispaniya suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotining katta qismi bo‘yicha AQShga tayanadi.

Yevropa Ittifoqi esa kamsitishga uchragan har qanday a’zosini himoya qilishga majbur bo‘ladi.

Pedro Sanchesning Amerika ta’siriga dushmanligining yana bir jihati bor. Yillar davomida u va uning oilasi ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlar nishoni bo‘lib kelgan. U AQSh texnologik kompaniyalarini nafratli nutqlarga qarshi yetarli darajada kurashmayotganlikda ayblab keladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid