Sport | 10:59
5650
11 daqiqa o‘qiladi

«Siti» deyarli kurashdan chiqdi, Gulerdan shedevr gol. Kun o‘yinlari

«Arsenal» so‘nggi daqiqalarda muhim g‘alabaga erishdi, qatorasiga ikkinchi o‘yinda durang o‘ynagan «Siti» endi 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Chelsi» yana yutqazdi, «Real»da yirik g‘alaba.

Foto: AMA/Getty Images

«Arsenal» – «Everton» 2:0
Gollar:
Yokeresh, 89 (1:0). Douman, 90+7 (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 74), Timber (Moskera, 38), Subimendi (Douman, 74), Rays, Eze, Madueke (Martinelli, 61), Saka, Havers (Yokeresh, 61)
«Everton»: Pikford, Kin, O`Brayyen, Mikolenko, Garner, Gana Guyye (Jorj, 90+5), Iroegbunam (Rel, 86), Dyusberi-Holl, Ndiay, Makneyl (Armstrong, 86), Betu (Barri, 69)

«Arsenal» o‘z maydonida kechgan o‘yinda to‘pga egalik qildi, ammo dastlabki 20 daqiqa ichida qarshi hujumlardan ikki bor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Birinchi holatda Rayyaning xatosidan keyin Maknilning zarbasidan keyin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni yotgan holatda oyog‘ini ko‘tarib qolish orqali to‘xtatib qoldi.

Maknilning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ndiay esa vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinroq Maknilning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi.

«Kanonirlar» esa tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay (birinchi bo‘limning o‘zida 13 zarba berildi), hisobni ocha olmadi. Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolgan vaziyat Havers jarima maydoni ichida yiqilishi bo‘ldi. Bu epizodda Kin avvaliga raqib hujumchisining oyog‘ini bosib oldi, keyin esa qo‘llari bilan turtib yiqitdi, ammo bosh hakam va VAR xonasidagilar kontakt penalti uchun yetarli emas deb topdi.

Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar uzoq masofadan zarba berishga e’tibor qarata boshladi, xususan, Ezening aylantirib yo‘llagan zarbasiga Pikford yetib bora olmadi, ammo to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urdi va tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi o‘rniga o‘ng qanot vingeri Doumanni maydonga tashladi. Aynan shu o‘zgarish o‘yinni hal qildi. Avvaliga ushbu yosh yarimhimoyachining o‘ng qanotdan uzatmasidan keyin Pikford to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Inkapiye esa to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga yetib kelgan Yokereshning oyoqlari ostiga tashlab berdi.

So‘nggi daqiqalarda mehmonlar hisobni tenglashtirish umidida to‘liq tarkib bilan oldinga tashlandi, Douman esa burchak zarbasidan keyin uyushtirilgan qarshi hujumda bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, APL tarixiga kirdi. Maks 16 yosh-u 73 kunligida liga tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu orqali u Jyeyms Von tomonidan 2005 yilda o‘rnatilgan rekordni (16 yosh-u 270 kun) yangiladi.

Shu tariqada, bu mavsumda zaxiradan tushgan futbolchilari 11 bor gol urgan Mikel Arteta jamoasi qiyinchilik bilan bo‘lsa-da muhim g‘alabaga erishdi.

«Chelsi» – «Nyukasl Yunayted» 0:1
Gol:
Gordon, 18 (0:1)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana (Xato, 82), Kukurelya, Gyusto (Delap, 46), Jyeyms, Kaysedo (Lavia, 61), Fernandes, Garnacho, Palmer, Joao Pedro
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Tiau, Holl, Livramento, Uillok (Byorn, 77), Remsi, Voltemade (Joelinton, 67), Barns, Myorfi (Elanga, 78), Gordon
Ogohlantirishlar: Fofana, 23. Kaysedo, 25 – Ramsdeyl, 84. Holl, 89

«Chelsi» «qarg‘alar»ga qarshi Londonda o‘tgan oldingi 12 o‘yindan 11 tasida g‘alaba qozongandi va shanba oqshomidagi o‘yinni ushbu seriyani davom ettirish maqsadida hujumkorlik bilan boshladi. Ammo mezbonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. 18-daqiqada Palmer qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarganidan keyin «Nyukasl» muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirdi va Uillok Gordonni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib yubordi.

Tanaffusdan keyin Entoni dublga erishishi mumkin edi, ammo darvozaga qaytgan Sanches jamoasini qutqardi. U Liam Rosenior jamoasini o‘yinda qoldirdi, ammo jamoa mag‘lubiyatdan qutulib qolishni uddalay olmadi. «Chelsi» yana ochko yo‘qotib, raqobatchilarga imkon berdi: bugun «MYu» va «Aston Villa» o‘yinida g‘olib bo‘lgan jamoa ilgarilab ketadi, «Liverpul» esa «Chelsi»ni quvib o‘tib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin.

«Vest Hem» – «Manchester Siti» 1:1
Gollar:
Bernardu Silva, 31 (0:1). Mavropanos, 35 (1:1)
«Vest Hem»: Hermansen, Mavropanos, Disasi, Todibo, Fernandesh, Souchek, Diuf, Van-Bissaka, Pablo (Magassa, 64), Bouen (Kante, 90+6), Kastelyanos (Traore, 75)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, Ayt Nuri (Sherki, 60), Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva (Reynders, 75), O`Rayli, Semenyo (Foden, 75), Marmush (Doku, 60), Holand
Ogohlantirishlar: Magassa, 76. Fernandesh, 89 – Marmush, 11. Bernardu Silva, 37

Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganida Bernardu Silvaning Holandga uzatmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbaga aylanib, hisob ochilganida ko‘pchilik bu o‘yin taqdiri hal bo‘lgani haqida o‘ylay boshlagandi. Ammo «Siti» bu mavsumda ishonchli o‘ynay olmayapti. Biroz o‘tib «Vest Hem» muvozanatni tikladi. Burchak zarbasidan keyin Donnarumma to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Mavropanos muvozanatni tikladi.

Bu mezbonlar uchun o‘yindagi ilk zarba edi va bu zarba chempionlik poygasida ishtirok etayotgan jamoaning oyog‘idan chalib qolish uchun yetarli bo‘ldi. Qolgan vaqt davomida «shaharliklar»ning hech qaysisi mezbonlar himoya devorida o‘tmadi, to‘p darvoza sohasiga yetib borganida esa darvozabon Hermansen ishonchli harakat qildi. Endilikda shu kuni o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli tribunada o‘tirib kuzatishga majbur bo‘lgan Gvardiola jamoasi «Arsenal»dan 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Siti»da bitta zaxira o‘yini borligiga qaramay, deyarli hech kim endi jamoa bu farqni yo‘qqa chiqara olishiga ishonmayapti.

Ispaniya: Molinaning zambarak zarbasi va tinim bilmas Valverde

«Atletiko» – «Xetafe» 1:0
Gol:
Molina, 8 (1:0)
«Atletiko»: Musso, Ximenes, Langle, Pubil (Alvares, 66), Koke, Almada (Simeone, 66), Vargas (Liorente, 73), Gonsales, Molina, Baena (Grizmann, 73), Syorlot (Lukman, 66)
«Xetafe»: Soriya, Abkar, Duarte (Riko, 83), Romero, Iglesias, Kiko Femeniya (Birmanchevich, 46), Dakonam, Arambarri (Martin, 74), Milya (Munos, 90+2), Satriano, Vaskes (Liso, 74)
Ogohlantirishlar: Syorlot, 55. Vargas, 68. Molina, 90 –Romero, 60. Liso, 77. Satriano, 90
Chetlatish: Abkar, 55

Yaqinda «Real»ni mag‘lub eta olgan «Xetafe» «Atletiko»ga ham jiddiy muammolar tug‘dirdi. Shu kuni Oblak o‘rniga darvozaga turgan Musso olti seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi. Ammo mezbonlarning qariyb ikki yildan buyon gol urmayotgan himoyachisi Molina o‘yin startidayoq o‘yin taqdirini hal qildi. Argentinalik futbolchining jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘p olis «to‘qqizlik»ka borib tushdi.

Mehmonlar esa ancha osonroq vaziyatlardan gol ura olmadi. «Matraschilar»ni goh Musso qutqardi, goh «Xetafe» futbolchilari to‘g‘ri zarba bera olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Abkar qizil kartochka olib maydonni tark etganidan keyin esa amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Diyego Simeone jamoasi uchinchi o‘rinni yanada mustahkamladi.

«Real» – «Elche» 4:1
Gollar:
Ryudiger, 39 (1:0). Valverde, 44 (2:0). Hausen, 66 (3:0). Manuel Anxel, 85 – avtogol (3:1). Arda Guler, 89 (4:1)
«Real»: Kurtua, Ryudiger (D. Aguado, 61), Hausen, F. Garsiya, Karvahal, Tshuameni (Arda Guler, 58), Pitarch (Palasios, 64), Kamavinga, Valverde (G. Garsiya, 58), Vinisius Junior (Yanez, 58), Dias (Manuel Anxel, 63)
«Elche»: Dituro, Petro (M. Aguado, 64), Affengryuber (Bigas, 74), Chust, Valera, Sangare (Pedrosa, 23), Redondo (Mir, 64), Febas, Sepeda (Xosan, 64), Andre Silva, Neto (Diangana, 74)
Ogohlantirishlar: Kamavinga, 55 – Valera, 62. Affengryuber, 66. Mir, 88

Hafta o‘rtasida YeChL o‘yinida katta kuch sarflagan «Real» futbolchilari ancha vaqtgacha autsayder darvozasi tomon yo‘l topa olmadi. Ammo yarimhimoyaga qaytganidan keyin yayrab o‘ynayotgan Valverdeda bu o‘yinga ham yetarli kuch qolgandi. «Selta» darvozasiga g‘alaba goli, «Siti»ga qarshi o‘yinda het-trik, shanba kuni esa uning seriyasi darvom etdi. Avvaliga Fedening zarbasidan keyin darvozabon to‘pni amallab qaytardi, qaytgan to‘pga esa Ryudiger birinchi bo‘lib yetib keldi va hisob ochildi. Bir necha daqiqa o‘tib esa barchasini Valverdening o‘zi bajardi. U jarima maydoniga yaqinlashib kelib, bir harakat bilan himoyachini yo‘lidan oldi va to‘pni to‘sin ortidan darvoza to‘riga kiritdi.

Alvaro Arbeloa 58-daqiqadayoq Vinisius Junior, Valverde va Tshuameni kabi yetakchi futolchilarini, biroz o‘tib Ryudigerni ham zaxiraga oldi, ular keyingi hafta o‘rtasida «Siti»ga qarshi javob o‘yinida kerak bo‘ladi. Ularning o‘rniga o‘yinni davom ettirgan futbolchilar ham ikkita gol urishdi. Avvaliga 18 yoshli Yanesning uzatmasidan keyin Hausen hisobdagi farqni oshirdi. O‘yin oxirlarida esa Guler maydonning ikkinchi qismidan turib fantastik gol muallifiga aylandi. U zarba bergan nuqtadan darvoza chizig‘igacha bo‘lgan masofa 68 metr chiqadi.

Yirik g‘alabadan keyin madridliklar turnir jadvalida yana «Barselona»ga bir ochkolik masofada yaqinlashib oldi, lekin kataloniyaliklar yakshanba kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yin natijasiga ko‘ra yana to‘rt ochkolik farqni tiklashi mumkin.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid