Jahon | 09:25
3809
5 daqiqa o‘qiladi

Eron mojarosi: Tramp NATO kelajagi haqida keskin bayonot berdi

AQSh prezidenti amalda Yevropa davlatlarini Vashingtonning Eronga qarshi harbiy harakatlariga qo‘shilishga chaqirdi, deb yozadi The Financial Times. Tramp, shuningdek, Xitoy yordam bermasa, Si Jinping bilan uchrashuvni bekor qilishi mumkinligini aytdi.

Foto: CNP/AdMedia/IMAGO

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam bermasa, NATOni “juda qora” kelajak kutayotganidan ogohlantirdi. Bu haqda Oq uy rahbari 15 mart, yakshanba kuni, The Financial Times (FT) gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

FT ta’kidlashicha, Tramp shu tariqa amalda Yevropa davlatlarini AQShning Eronga qarshi harbiy harakatlariga qo‘shilishga chaqirgan. “Agar javob bo‘lmasa yoki javob rad etuvchi bo‘lsa, menimcha, bu NATO kelajagi uchun juda yomon bo‘ladi”, — dedi Tramp.

“Biz ularga nisbatan juda mehribon bo‘ldik. Bizga Ukraina masalasida ularga yordam berish shart emasdi. Ukraina bizdan minglab milya uzoqda joylashgan. Ammo biz yordam berdik. Endi ko‘ramiz, ular bizga yordam beradimi-yo‘qmi. Chunki men anchadan buyon aytaman: biz ular bilan birgamiz, ammo ular biz bilan emas. Ularning biz bilan birga bo‘lishiga ishonchim komil emas”, — dedi prezident.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ittifoqchilar minalarni tozalash kemalarini yuborishi kerak, chunki Yevropada bunday vositalar AQShga qaraganda ko‘proq.

Tramp, shuningdek, Yevropa maxsus kuchlari yoki boshqa harbiy kuchlar Eronning Fors ko‘rfazida dronlar va dengiz minalari yordamida “muammo” keltirib chiqarayotgan kuchlarini yo‘q qilishga yordam berishini istamoqda.

Tramp, shuningdek, agar Pekin ham bo‘g‘oz orqali erkin harakatni ta’minlashga yordam bermasa, mart oyi oxirida Xitoy raisi Si Jinping bilan bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvni kechiktirishi mumkinligini bildirdi. Donald Tramp AQShdan farqli o‘laroq, Yevropa va Xitoy Fors ko‘rfazidan keladigan neftga ancha ko‘p darajada bog‘liq ekanini eslatdi.

Bundan oldin prezident Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyani “qo‘shma sa’y-harakatlar”ga qo‘shilishga chaqirgan edi.

15 mart kechqurun xalqaro bozorlarda neft narxi bir barrel uchun 106 dollarga yetdi, bu AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri taxminan 45 foizga oshganini anglatadi.

Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqdagi ittifoqchilar tomonidan Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlash haqidagi takliflarni rad etdi. AQSh va Isroil zarbalari davom etayotgan ekan, Tehron ham sulh ehtimolini istisno qildi. Bu haqda 14 mart kuni Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar qildi.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi bir nechta davlatlar urushni yakunlash maqsadida muzokaralar tashabbusini ilgari surishga uringan. Urush ikki hafta oldin AQSh va Isroilning Eronga qarshi keng ko‘lamli havo zarbasidan so‘ng boshlangan edi. Jumladan, Ummon Vashington va Tehron o‘rtasida bog‘lanish kanali yaratishga harakat qilgan, u harbiy harakatlar boshlanishidan oldin ham vositachi sifatida ishtirok etgan edi. Ammo manbalarning ta’kidlashicha, Oq uy hozirgi paytda muzokaralarga qiziqish bildirmagan.

Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli vakili Reuters’ga AQSh prezidenti ushbu tashabbuslarni rad etganini va Eronning harbiy salohiyatini yanada zaiflashtirish maqsadida urushni davom ettirishga e’tibor qaratayotganini tasdiqladi.

“Hozir u bu masalaga (o‘t ochishni to‘xtatishga — tahr.) qiziqmayapti, biz o‘z vazifamizni bajarishda davom etamiz”, — dedi amaldor.

AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eronga havo zarbalari bermoqda. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirilgan. Javob tariqasida Eron Isroilga, Fors ko‘rfazidagi ayrim davlatlarga va mintaqadagi AQSh obektlariga zarbalar bermoqda.

Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar va ularning jahon tinchligiga oqibatlarini muhokama qilar ekan, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush “u xohlagan paytda” tugashini aytdi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats esa harbiy harakatlar “hech qanday vaqt cheklovisiz — qancha kerak bo‘lsa, shuncha” davom etishini bildirdi. Eron esa urushni tugatish shartlarini uning raqiblari emas, balki Islom Respublikasining o‘zi belgilashini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid