Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi
O‘zbekiston prezidenti Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Qiymati 2 mlrd 700 mln dollarlik fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barpo etilgan mis konsentratini filtrlash korpusida bo‘ldi.
3-mis boyitish fabrikasi tarkibidagi korpus yiliga 917 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zamonaviy sanoat press-filtrlari, nasos agregatlari, shlam va suv aylanma tizimlari o‘rnatilgan. Uskunalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yuqori samaradorlik va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi.
Ayni vaqtda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, korpusda umumiy 5 ta press-filtrdan 3 tasi to‘liq ishga tushirilgan, yana 2 tasi ishga tushirishga hozirlanmoqda.
Prezident matbuot xizmati qayd etishicha, shu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.
Dunyoda ham mazkur xomashyoga bo‘lgan talab kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «yashil» taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib bo‘ldi.
«Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.
Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik», – dedi prezident.
Misol uchun, «Yoshlik-1» koni. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik «Bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, eplay olmaymiz» deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, «Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasi borligi ta’kidlandi. Ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘ladi.
Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi.
Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda.
Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.

Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani e’lon qilindi. Mazkur korxonada ham mingdan ziyod ish o‘rinlari bo‘ladi.
Umuman, ushbu ikkita yirik quvvatlar hisobiga mis katodi ishlab chiqarishning yillik hajmi 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush 203 tonnaga, molibden 1,7 ming tonnaga yetadi.
Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasi ishlab chiqarish 3 karra oshadi.
Bu yiliga kombinatga qo‘shimcha 5 milliard dollar tushum degani.
Prezident kombinat bo‘yicha hali rejalar katta ekanini ta’kidladi. Yuqorida aytilgan ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlari jadal ketayotgani qayd etildi.
Ushbu yangi loyihalar ishga tushganida Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlar uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
«Hozir respublika faollariga murojaat qilmoqchiman. Yoshlarga yetkazinglar: o‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin!» – dedi prezident.

Bugun ishga tushirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi Yangi O‘zbekistonning tog‘-kon va metallurgiya sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlat rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.
Mavzuga oid
11:36
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev telefon orqali muloqot qildi
18:00 / 13.03.2026
Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi
15:10 / 13.03.2026
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘p – prezident
14:40 / 13.03.2026