O‘zbekiston | 10:47
767
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha etika me’yorlari tasdiqlandi

Adliya vazirligi tomonidan sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat 2026 yil 14 mart kuni 3787-son bilan ro‘yxatga olingan.

Foto: linkedin

Hujjatga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda qonuniylik, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilish ustuvorligi, tushunarlilik, mas’uliyat va javobgarlik, adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik, ma’lumotlar himoyasi hamda ishonchlilik va xavfsizlik kabi asosiy etika tamoyillari belgilandi.

Shuningdek, ayrim qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimlari xulosalariga tayanmaslik talabi ham joriy etildi. Xususan, inson huquq va erkinliklariga daxldor yuridik ahamiyatga ega qarorlar, shuningdek sog‘liqni saqlash sohasida — kasalliklarni tashxislash yoki davolash usullarini belgilash kabi masalalarda qaror qabul qilishda sun’iy intellekt natijalariga to‘liq tayanish mumkin emasligi qayd etilgan.

Qoidalarga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiquvchi va joriy etuvchi shaxslar foydalanuvchilarni mazkur texnologiyalardan qanday maqsadlarda foydalanish mumkinligi yoki taqiqlanishi, shuningdek sun’iy intellektga asoslangan qarorlar doimo mutlaq to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida ogohlantirishi lozim. Shu bilan birga, bunday yechimlardan asosan tavsiyaviy yoki ma’lumot manbai sifatida foydalanish mumkinligi tushuntirilishi kerak.

Hujjatda, shuningdek, sun’iy intellekt sohasida ishtirok etuvchi sub’yektlarning huquq va majburiyatlari ham belgilab berilgan. Mazkur etika qoidalari mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyatli va xavfsiz qo‘llashni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid