Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Yaqin Sharq haqida: Ukraina Eron bilan urishmayapti
Ukraina prezidenti Yaqin Sharqqa “jiddiy guruhlar” yuborilgani haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina Eron bilan urishmayapti, balki hamkorlariga dronlarni yo‘q qilish bo‘yicha o‘z tajribasini ulashmoqda.
Foto: Danylo Antoniuk/Avalon
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14 mart kuni jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida Yaqin Sharq davlatlariga Eronning kamikadze-dronlaridan himoyalanish masalasi bo‘yicha “ekspertiza o‘tkaza oladigan” uchta mutaxassislar guruhi yuborilganini ma’lum qildi.
“Jiddiy guruhlar yuborilgan. Har bir guruh — o‘nlab odamlardan iborat. Bu uch-to‘rt kishi qayergadir borib, nimanidir ko‘rsatib kelish haqida emas. Uchta uchib ketgan guruh ekspertiza o‘tkazish va bu qanday ishlashi kerakligini ko‘rsatishga qodir”, — deya Zelenskiyning so‘zlarini “Interfaks-Ukraina” agentligi keltirgan.
Ukraina rahbari gap faqat ekspertiza haqida ketayotganini alohida ta’kidladi.
“Gap qayerdadir operatsiyalarda ishtirok etish haqida emas. Biz Eron bilan urishmayapmiz. Gap himoya va bizning tomondan dronlarga qarshi qanday kurashish bo‘yicha aniq, to‘liq ekspertiza haqida ketmoqda”, — dedi u.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar bilan yanada asosli va uzoq muddatli kelishuvlardan biri dronlar bo‘yicha bitim bo‘lishi mumkin. Ukraina ular bilan bu yordam evaziga nima olishini muhokama qiladi.
“Ochig‘ini aytsam, bugun biz uchun ham texnologiyalar, ham pul muhim. Shuning uchun qaraymiz. Agar shunday formatdagi Drone Deal amalga oshsa, demak, shunday bo‘ladi”, — dedi prezident.
U, shuningdek, Ukraina qariyb bir yil avval taklif qilgan, qiymati taxminan 35–50 milliard dollar bo‘lgan dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha AQSh bilan kelishuv imzolashni istashini bildirdi. Ammo Kiyev bu taklif yuzasidan Vashingtondan haligacha “aniq javob” olmagan, garchi Amerika tomoni bu masalaga “juda qiziqish” bildirayotgan bo‘lsa ham.
Shu bilan birga, Volodimir Zelenskiy hozir AQSh ko‘proq Yaqin Sharqdagi urushga e’tibor qaratayotganini, bu mojaro esa Vashingtonning Ukrainaga bo‘lgan diqqat darajasiga ta’sir qilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
“Ukrainani havo hujumidan mudofaa raketalari bilan ta’minlash bo‘yicha xavf mavjud. Muqobil variant sifatida Ukraina Yevropaning SAMP/T tizimlarini ko‘rib chiqmoqda va agar ular ballistik nishonlarga qarshi sinovlarda muvaffaqiyatli natija ko‘rsatsa, ularni olishda birinchi navbatda turish bo‘yicha kelishmoqda”, — dedi u.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti AQSh bilan yaxshi munosabatlar Ukraina uchun nihoyatda muhim bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
“Biz amerikaliklarni yo‘qotishni istamaymiz, bu haqda ochiq gapiryapmiz”, — dedi Zelenskiy.
Ammo u AQShning Rossiya neftiga qarshi ehtimoliy sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha pozitsiyasi ehtimoliy energetik inqirozdan chiqish yo‘li emasligini ham qayd etdi.
“Menimcha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish dunyoga yordam bermaydi, faqat Rossiyaga yordam beradi. Balki ayrim mamlakatlarga juda qisqa muddatga energiya ta’minoti hajmi nuqtai nazaridan biroz yengil bo‘lar. Lekin bularning barchasini hamma boshidan o‘tkazgan. Baribir oxir-oqibat sen ilgakka tushasan”, — dedi prezident.
Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi tarang munosabatlar fonida Ukraina yetakchisi “Drujba” neft quvuri atrofidagi vaziyatga ham izoh berdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozir ayrim davlatlar amalda Ukrainani ushbu quvur orqali yetkazib berishni qayta tiklashga majburlamoqda, bu esa prezident fikricha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish bilan barobardir.
Zelenskiy Rossiya nefti eksportini qayta tiklashga qarshi ekanini ta’kidladi.
“Ammo agar menga shunday shart qo‘yilsaki, Ukraina qurol olmaydi, unda, kechirasiz, bu masalada men ojizman. Men Yevropadagi do‘stlarimizga bu shantaj deb atalishini aytdim”, — dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
18:58
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun ittifoqchilaridan yordam so‘radi
18:09
Yaqin Sharqdagi urush O‘zbekistondagi benzin narxlariga qanday ta’sir qilyapti?
14:26
Krasnodarda dronlar hujumi neft bazasida yong‘inga sabab bo‘ldi
13:49