O‘zbekiston | 07:08
5610
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Eron xalqiga insonparvarlik yordami yubordi

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy buyumlardan iborat insonparvarlik yordamini Turkmaniston orqali Eronga yetkazib berdi. Eron rasmiylari mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning yorqin ifodasi ekanini ta’kidlagan.

Foto: TIV matbuot xizmati

16 mart kuni O‘zbekiston tomonidan Eron xalqiga insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlikka ko‘ra, insonparvarlik yordami — un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, kungaboqar yog‘i, konservalar kabi oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlardan iborat. Bir nechta yuk mashinalarida yordam allaqachon Eron tomoniga yetkazildi.

Insonparvarlik yuklarini qabul qilib olishda Eronning Daregaz shahri hokimi Mujtabo Bazmara, Eron Tashqi ishlar vazirligining Xuroson Razoviy viloyatidagi idorasi rahbari, vazir maslahatchisi Ali Masumifar hamda Eronning Turkmanistondagi elchisi Ali Mujtaba ishtirok etdi.

TIV yuklarning miqdori va O‘zbekiston tomonidan kimlar qatnashganiga aniqlik kiritmagan. Rasmlarda sobiq senator, O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchisi Ravshanbek Alimov Eron rasmiylariga yuklarni topshirayotgani ko‘rinadi.

«Tadbir davomida rasmiylar Eron xalqiga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami va yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston prezidentga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ular mazkur tashabbusni ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an’analarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi», deyiladi TIV bayonotida.

Ma’lumot uchun, 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi hujum boshladi. Eron javob tariqasida Isroilga hamda AQShning arab davlatlaridagi bazalariga raketa va dronlar uchirmoqda. Uchinchi haftasiga o‘tgan urush qurbonlari 2 ming kishidan ortdi, ularning asosiy qismi Eron va Livanda. Bundan tashqari, urush Yaqin Sharqda beqarorlik va global bozorlarda yoqilg‘i narxlarining oshishiga olib keldi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid