O‘zbekiston | 08:32 / 17.03.2026
1290
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

2026 yil 1 sentabrdan boshlab loyihaoldi hujjatlarni kompleks ekspertiza qilishning yangi tartib-taomillari joriy etiladi. Unga ko‘ra, yirik va megaloyihalar, shuningdek, avval ekspertizadan ijobiy xulosa olgan loyihalarga o‘xshash tashabbuslarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ularning tayyor bo‘limlarini parallel tarzda ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: 123RF

Prezident qaroriga muvofiq, mazkur tartib loyihalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish va hujjatlarni tayyorlash jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, agar taqdim etilgan loyiha ilgari Markazda ekspertizadan o‘tgan loyihaga o‘xshash bo‘lsa, Markaz taklifi asosida uning loyihaoldi hujjati tezlashtirilgan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi.

Shu sanadan boshlab Markaz tomonidan loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiquvchi loyiha institutlari va tashkilotlari reytingi ham yuritiladi. Unda ular kompleks ekspertiza natijalariga qarab “yuqori”, “o‘rta” va “past” ishonchlilik darajalariga ajratiladi. Reyting elektron platformaga joylashtirilib, doimiy yangilab boriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, o‘rta, yirik va megaloyihalar uchun loyiha tashkilotlarini tanlashda endi faqat “eng arzon narx” mezoniga tayanilmaydi. Bunda “sifat, tajriba va narx” mezoni majburiy tartibda qo‘llanadi. Shuningdek, loyiha tashkilotlari hamda tashabbuskor buyurtmachilarga nisbatan rag‘batlantirish choralari joriy etilishi nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid