Jahon | 09:18 / 18.03.2026
1953
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Eronning yangi rahbari deeskalatsiya bo‘yicha takliflarni rad etdi

Reuters agentligi yozishicha, Mujtaba Xominaiy AQSh va Isroil mag‘lubiyatni tan olmagunicha hamda Eronga tovon to‘lamagunicha “keskinlikni pasaytirish yoki o‘t ochishni to‘xtatish” haqidagi takliflarni rad etgan.

Foto: TASS / ABACA / Sipa USA / SalamPix / Abaca Press

Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy Yaqin Sharqdagi mojaroni yumshatish bo‘yicha, Tehronga ikki vositachi davlat vakillari orqali yetkazilgan takliflarni rad etdi. Bu haqda 17 mart, seshanba kuni Reuters agentligi yuqori lavozimli eronlik amaldorga tayanib xabar qildi.

Agentlik suhbatdoshining, ismi sir saqlangan holda aytgan so‘zlariga ko‘ra, Xominaiy Eron AQSh va Isroildan “qattiq va jiddiy” qasos olishi kerak, deb hisoblaydi. Bu pozitsiya u yangi oliy rahbar etib tayinlanganidan keyin tashqi siyosat bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishda bayon qilingan. Shu bilan birga, u uchrashuvda shaxsan ishtirok etgan-etmaganiga aniqlik kiritilmagan.

Mujtaba Xominaiy 8 mart kuni tayinlanganidan buyon jamoatchilik oldida ko‘ringani yo‘q. Xominaiyning xalqqa qaratilgan 12 martdagi birinchi murojaati matnini Eron davlat telekanali boshlovchisi o‘qib eshittirgan.

Vositachilar orqali yetkazilgan “keskinlikni pasaytirish yoki o‘t ochishni to‘xtatish” haqidagi takliflarga javoban, Eron rahbari “to Qo‘shma Shtatlar va Isroil tiz cho‘ktirilmagunicha, mag‘lubiyatni tan olmagunicha va tovon to‘lamagunicha, tinchlik uchun munosib vaqt bo‘lmaydi”, deb bildirgan, dedi eronlik amaldor.

Bundan oldin diplomatik sa’y-harakatlardan xabardor Reuters manbalari AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarning Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash takliflarini qaytarganini xabar qilgan edi. Shu bilan birga, Tehron AQSh va Isroil tomonidan berilayotgan zarbalar to‘xtamagunicha har qanday sulh imkoniyatini rad etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid