O‘zbekiston | 19:38 / 18.03.2026
3471
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatining 4 ta tumanida jamoat yaylovlari tashkil etiladi

Ushbu yaylovlar mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilishicha, viloyatdagi 250 ming gektar yaylov uzoq yillar foydalanib kelgan chorvadorlarni o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berildi, yana 52 ming gektar yerdan foydalanayotgan 150 nafar chorvador, 1 ming boshdan naslli qo‘y-echki boqish istagini bildirgan yuzlab tadbirkorlar bor.

Shu bois, yaylov yerlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish muddati yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Endilikda yaylov ijarasidan tushgan mablag‘ to‘lig‘icha yaylov xo‘jaliklarining o‘zida qoladi.

Aholi chorvani uyda boqib, bahor-yoz faslida dalaga olib chiqishga o‘rgangan. Lekin chorvani o‘tlatadigan joy kamayib ketayotgani qayd etildi.

Shu bois, viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektarda jamoat yaylovlari tashkil etiladi va mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi.

Yaylovlarda quduq qazib, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlariga 50 milliard so‘m ajratish topshirildi.

Chorva naslchiligi uchun laboratoriya uskunasi va naslli qoramol sotib olishga 10 yilga 12 foizli kredit beriladi.

Bulung‘ur tumanida 50 million dollarlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi. Qo‘shrabotda 20 million dollarlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Samarqandlik tadbirkorlar intensiv baliq yetishtirib, hosildorlikni 4-5 karra oshirish uchun panel o‘rnatish xarajatini qisman qoplash va kafolatli suv bilan ta’minlashni so‘ragan.

Bu taklif qo‘llab-quvvatlanib, joriy yil 1 maydan boshlab quyosh panellari uchun 16 foizli kredit ajratilishi belgilandi. Panelni o‘z mablag‘idan o‘rnatganlarga 25 foiz xarajati qoplab beriladi.

Joriy yilda 135 ming gektar, xususan, Samarqandda 22 ming gektarda kartoshka ekish reja qilingan. Mutasaddilar bu yil rejadagi har bir qarich yerga kartoshka o‘z vaqtida ekilishi shartligi haqida ogohlantirildi.

Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulung‘ur tumanida ko‘paytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urug‘lik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.

Oqdaryo tumanida 10 million dona kartoshka mini tuganaklari chiqarish quvvatiga ega in-vitro laboratoriyasi ishga tushgani ta’kidlandi. U yerda tayyorlangan 40 ming tonna super elita urug‘ini dehqonlarga bepul tarqatish topshirildi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid