Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tartibi belgilanmoqda
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk obektlarini ommaviy baholash jarayonini tartibga solishga qaratilgan texnik yo‘riqnoma loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatda obektlarni guruhlash, zonalashtirish, qiymatini aniqlash va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi belgilab berilmoqda.
Foto: Kun.uz
Loyihaga ko‘ra, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash ishlari Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjatda ommaviy baholash — o‘xshash tavsif va xususiyatlarga ega obektlarni guruhlashtirib, ularning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlash jarayoni sifatida belgilangan.
Texnik yo‘riqnomaga muvofiq, ommaviy baholashni o‘tkazish bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi. Jumladan, obektlar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, ularni guruhlash, hududlarni narx va baholash bo‘yicha zonalashtirish, narx shakllantiruvchi omillar hamda koeffitsiyentlarni belgilash va shundan so‘ng obekt qiymatini hisoblash nazarda tutilgan.
Loyihada obektlar uchta asosiy guruhga ajratilishi belgilanmoqda: ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar, yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar joylar. Zarur hollarda ular qo‘shimcha kichik guruhlarga ham bo‘linishi mumkin.
Shuningdek, ko‘chmas mulk bozori ma’lumotlarini to‘plashda elektron savdo platformalari, notarial bitimlar, rieltorlik tashkilotlari, tijorat banklari va boshqa ochiq manbalardan foydalanish nazarda tutilmoqda.
Loyihada obekt qiymatiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar ham aniq ko‘rsatilgan. Ular qatorida joylashuv, qurilish materiali, umumiy maydon, qavat, ta’mirlanganlik darajasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanganlik, transport va ijtimoiy infratuzilmaga yaqinlik kabi mezonlar bor.
Hujjatga ko‘ra, ommaviy baholash natijalari Agentlikka taqdim etiladi va tasdiqlanganidan so‘ng rasmiy veb-saytga joylashtiriladi. Mulkdorlar o‘z obektlarining qiymati haqidagi ma’lumotni kadastr raqami orqali olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, ommaviy baholash natijalaridan norozi bo‘lgan mulkdorlar va boshqa manfaatdor shaxslar Ijro etuvchi organ yoki sudga murojaat qilishi mumkin. Bunday murojaatlar maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Mazkur yo‘riqnoma ko‘chmas mulkni ommaviy baholash jarayonini yagona tartib asosida amalga oshirish, hisob-kitoblarni shaffoflashtirish va obektlar qiymatini bozorga yaqinlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
10:16 / 18.03.2026
Ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi, narxlar mo‘’tadil o‘smoqda
12:18 / 17.03.2026
O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori: narxlar qanday o‘zgaryapti?
17:30 / 06.03.2026
Naqd pul muomalasiga cheklovlar: bu qanchalik samarali?
09:44 / 16.02.2026