Ko‘chmas mulk | 10:16 / 18.03.2026
2104
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi, narxlar mo‘’tadil o‘smoqda

2026 yil fevral oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida faollik oshgani, uy-joy oldi-sotdi bitimlari ko‘paygani hamda narxlar mo‘’tadil o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etildi.

Foto: Kun.uz 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan taqdim etilgan tahlilga ko‘ra, fevral oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni qariyb 4 foizga oshib, 29,7 mingtani tashkil etgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa bitimlar soni 7,2 mingtaga ko‘payib, o‘sish sur’ati 32,4 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Navoiy viloyatida (53 foiz), Sirdaryo viloyatida (39 foiz) va Toshkent shahrida (49 foiz) qayd etildi. Oylik dinamikada esa Toshkent viloyatida o‘sish 25 foiz, Navoiyda 22,6 foiz va Sirdaryoda 13,4 foizni tashkil qildi.

Fevral oyida barcha bitimlarning qariyb uchdan bir qismi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelib, Toshkent shahrida 8,9 mingtaga yaqin uy-joy oldi-sotdi bitimlari amalga oshirildi.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘sishi biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, umumiy o‘sish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Xususan, fevral oyida poytaxtda narxlar taxminan 1 foizga oshgan.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 9 foizga o‘sgan. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida (22 foiz), Sirdaryo viloyatida (19,3 foiz) va Jizzax viloyatida (16,3 foiz) qayd etildi.

Toshkent shahrida ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joy narxi o‘tgan yilga nisbatan 3,2 foizga oshgan. Yangi uy-joylar bozorida esa bu ko‘rsatkich 11,5 foizni tashkil etdi.

Poytaxtda ijara narxlari barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 8,7 dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan ijara narxlari 8 foizga oshgan.

Bozordagi mazkur dinamika talabning barqarorligi va uy-joy segmentida faollik saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid