Jahon | 20:42 / 20.03.2026
10570
5 daqiqa o‘qiladi

Eron urushi va NATO ichidagi darz ketish: AQSh yakkalanmoqda

Tramp va Netanyahu Eronga urush ochganiga 20 kundan oshdi, lekin urush hali tugaydiganga o‘xshamaydi. Bugun AQSh oldida biri-biridan og‘ir ikkita variant turibdi.

Birinchisi, asosiy maqsadga erishmay turib, urushni tugatish. AQSh va Isroilning eng asosiy maqsadi – bu Erondagi siyosiy tizimni yiqitish va ularga qulay siyosiy tizimni yaratish edi. Lekin urush davom etmoqda, tizim qulamadi, aksincha, Eron xalqi yagona bayroq atrofida jipslashayotgandek ko‘rinmoqda.

Agar Tramp Erondagi siyosiy tizimni yiqitmasdan, urushdan chiqsa, buning oqibatlari AQSh uchun o‘ta salbiy bo‘ladi. Isroil to‘liq yakkalanib, so‘na boshlaydi. Arab davlatlari AQShdan masofa saqlay boshlaydi, ular AQShga bo‘lgan ishonchi va aloqalarini qayta ko‘rib chiqadi. Amerikaning global raqiblarining shijoati oshadi, dunyoda kuchlar nisbati o‘zgarishi tezlashadi.

Ikkinchi yo‘l: bu – Erondagi siyosiy tizimni yiqitish maqsadida quruqlik operatsiyasi o‘tkazish. Lekin quruqlikdan bostirib kirish ham Erondagi siyosiy tizim yiqilishini kafolatlamaydi. Eronning harbiy qo‘shinlari soni jami taxminan 800 ming – 1 million deyiladi. Eron – o‘zini mudofaa qilayotgan davlat. Odatda, bostirib kirayotgan davlatga mudofaalanayotgan davlatdan ko‘ra 2-3 barobar ko‘proq qo‘shin kerak bo‘ladi, ya’ni taxminan 1,5 – 2 million harbiy. AQSh va Isroilning esa bunday resurslari yo‘q.

Qolaversa, quruqlikdan hujum qilinsa, to Tehronga yetib borgunga qadar juda katta sonli insoniy talafotlar bo‘lishi shubhasiz.

Mana shu fonda Tramp NATO davlatlaridan yordam so‘radi. Uning talabiga ko‘ra, NATO davlatlari Ho‘rmuz bug‘ozini ochishda, qolaversa, Eronga qarshi urushda AQShga yordam berishi kerak kerak ekan. Lekin NATO davlatlari birin-ketin Trampga ochiqchasiga, baralla “yo‘q” deyishdi. Bu bilan, Tramp xalqaro maydonda yanada obro‘sizlandi. Bu – NATOning 77 yillik tarixida kuzatilmagan holat bo‘ldi. NATO ichidagi eng asosiy davlat – bu AQShning o‘zi. AQSh nima desa, NATOning qolgan davlatlari odatda qabul qilar edi. Biroq bu safar AQSh juda yakkalanib qoldi, buning sabablari bir qancha.

Birinchidan, Trampning o‘zi ko‘p yillardan buyon NATOga qarshi kampaniya olib bordi: NATO unga kerak emasligi, AQSh NATOdan chiqib ketishi kerakligini aytdi, Yevropadagi AQSh harbiy bazalarini yopish bilan tahdid qildi. Tramp NATOga a’zo davlatlar o‘zlarining yalpi ichki mahsulotining 5 foiziga teng miqdordagi mablag‘ni mudofaaga sarflasin, va bu pullarning kattaroq qismini AQShdan qurol sotib olishga yo‘naltirsin, dedi. NATOga a’zo davlat hisoblanmish Daniyaning tarkibiy qismi bo‘lgan Grenlandiya orolini bosib olish bilan tahdid qildi. Va eng asosiysi, Tramp va Netanyahuning Yaqin Sharqdagi loyihalari – mudofaa emas, bosqinchilik ekani, G‘azodagi genotsid esa mana shu siyosatning bir bo‘lagi ekani hammaga tushunarli bo‘ldi.

Qolaversa, bugun Tramp va Netanyahuning Eronga qarshi urushi – nolegitim. G‘arb jamiyatlarida bu urushni qo‘llovchilar foizi juda past. Bu urushga qarshilar esa mutlaq ko‘pchilik. Agar hozir NATO davlatlaridan kimdir bu urushga qo‘shilsa, saylovlarda o‘sha hukumat to‘liq yutqazadi, jamiyatlar Tramp va Netanyahuni qo‘llagan siyosatchiga qarshi ovoz beradi.

Bugun Tramp nega NATO davlatlaridan yordam so‘ramoqda? Sababi oddiy va o‘ta egoistik: AQSh o‘zining harbiy kemalari, kreyserlarini Erondan uzoqda saqlamoqda. Eronda gipertovushli raketalar serob. Shu sabab, Ho‘rmuz bug‘oziga AQSh kemalari yaqinlasha olmaydi. Mana shu fonda Tramp NATO davlatlariga murojaat qilib, “yordam beringlar!” demoqda. Lekin NATOning boshqa davlatlari ham ahmoq emas, o‘zlarining harbiylari va texnikalarini Tramp va Netanyahuning noqonuniy urushi uchun qurbon qilish niyatida emas.

Trapm hokimiyatga kelgach, dunyo tartiboti tezroq yemirilib boshladi. Xuddi shunday, NATO ichida ham jipslik, hamjihatlik yo‘qoldi. Eronga urush sababli NATO ichidagi pishib yetilib turgan parokandalik ochiq rasmiylashib boshladi. Lekin bu – jarayonning endi boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid