Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putinni tanqid qilgan Z-bloger ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi
Navalniy ustidan arizalar yozib kelgan kremlparast bloger kutilmaganda Putinni qattiq tanqid qildi va Ukrainadagi urushni “berk ko‘cha” deb atadi. Shundan so‘ng, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ilya Remeslo ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Foto: Videodan kadr
Rossiyada shu hafta boshida prezident Vladimir Putinni keskin tanqid qilgan hukumatparast bloger Ilya Remeslo Sankt-Peterburg shahridagi 3-sonli shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda 19 mart, payshanba kuni avval boshqa Z-blogerlar yozdi, keyin esa ma’lumotni Peterburgdagi “Fontanka” nashri tasdiqladi. Tibbiyot muassasasining ma’lumot xizmati jurnalistlarga shunday ism-familiyaga ega bemor haqiqatdan ham ularda ekanini bildirgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 19 mart ertalab Remeslo, bir kun oldin faol ravishda intervyular berib turgan bo‘lsa-da, aloqaga chiqmay qo‘ygan va bir necha soat davomida ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rinmagan.
“Fontanka” qayd etishicha, kremlparast bloger yotgan bo‘lim raqamiga qaraganda, u oldin ruhshunoslar nazariga tushmagan. Internetda shuningdek, Remesloning singlisi Sankt-Peterburgda taniqli psixiatr shifokor ekaniga ham e’tibor qaratilgan.
Ilya Remeslo — Rossiya Jamoat palatasining sobiq a’zosi, huquqshunos. U o‘z blogida hozirgacha Rossiya rahbariyatini faol qo‘llab-quvvatlab, muxolifatni tanqid qilib kelgan. Bundan tashqari, Remeslo Aleksey Navalniy va uning safdoshlari ustidan bir nechta ariza yozgan. Xususan, ushbu Z-bloger FBK xayriya mablag‘lari bilan go‘yoki “firibgarlik” qilingani haqidagi ishda sezilarli rol o‘ynagan.
17 mart kechqurun va 18 mart ertalab Remeslo kutilmaganda Kreml siyosatini keskin tanqid qiluvchi bir qator postlar e’lon qildi. Jumladan, bloger Ukrainadagi urushni “berk ko‘cha” deb atadi va Vladimir Putinni “legitim bo‘lmagan prezident” sifatida sud qilishga chaqirdi. Bu bayonotlar Z-muhitda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Masalan, chechen maxsus kuchlari rahbari Apti Alaudinov Remeslo hokimiyatni “mamlakat uchun eng og‘ir pallalardan birida” o‘zining “obunachilar va soxta shuhrat ortidan quvishi” sabab tanqid qilganini yozdi. Shuningdek, Remeslo akkaunti buzib kirilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ham bildirildi, ammo blogerning o‘zi 18 mart kuni buni rad etdi.
18 mart kuni Remeslo bilan intervyu yozib olgan jurnalist Aleksandr Plyushchev shunday fikr bildirdi: agar kremlparast blogerning shifoxonaga yotqizilgani haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, bu Rossiya hokimiyati uchun “eng samarali inqiroz-menejmenti” bo‘ladi.
“Garchi Remeslo intervyuda menga aytgan gaplar alahsirashga umuman o‘xshamasa ham”, — deya ta’kidladi Plyushchev.
Mavzuga oid
13:27 / 14.03.2026
Tramp Putinning Erondan uranni Rossiyaga olib chiqish haqidagi g‘oyasini rad etdi
12:02 / 10.03.2026
Putin Yevropaga Rossiyadan yana neft va gaz sotib olishni taklif qildi
08:50 / 10.03.2026
Putin Trampga Erondagi urushni yakunlash bo‘yicha variantlarni taklif qildi
17:21 / 08.03.2026