Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: Yaqin Sharqqa qo‘shin yuborishni rejalashtirmayapman
“Men hech qayerga qo‘shin yubormayapman”, - dedi Donald Tramp Eron bilan urush tufayli Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kontingent yuborish yoki yubormasligi haqidagi savolga javoban. Bundan avval Reuters harbiy operatsiyani kengaytirish rejalari haqida xabar bergan edi.
Foto: Reuters/Yonhap
AQSh Eronga qarshi AQSh va Isroil urushi sababli Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kontingent yubormaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Donald Tramp 19 mart, payshanba kuni Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining Vashingtondagi Oq uyga tashrifi chog‘ida matbuot bilan muloqotda ma’lum qildi. “Men hech qayerga qo‘shin yubormayapman”, — dedi Tramp jurnalistning tegishli savoliga javoban.
“Agar shunday qilayotgan bo‘lganimda ham, bu haqda sizlarga aniq aytmagan bo‘lardim. Lekin men qo‘shin yubormayapman. Biz vaziyatni nazorat ostida ushlab turish uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qilamiz”, — deya davom ettirdi Oq uy rahbari.
Shu kunning o‘zida Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar berishicha, Donald Tramp ma’muriyati Eronga qarshi harbiy operatsiyani kengaytirib, Yaqin Sharqqa yana bir necha ming harbiy xizmatchini ko‘chirishi mumkin. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Vashingtonda urushni davom ettirishning turli ssenariylari ko‘rib chiqilmoqda, jumladan quruqlikdagi operatsiyani boshlash, shuningdek Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishini harbiy yo‘l bilan bekor qilish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Reuters aniqlik kiritishicha, buning uchun Amerika qo‘shinlarini Eron sohiliga joylashtirish zarur bo‘lishi mumkin, garchi agentlik manbalari aytishicha, bunday operatsiya asosan mamlakatning dengiz va harbiy-havo kuchlari tomonidan amalga oshiriladi. Yana bir ssenariy — Fors ko‘rfazidagi Xark oroliga quruqlikdagi bo‘linmalarni yuborish. Bu orol Eron nefti eksporti markazi hisoblanadi. Manbalar bunday variantni xatarli deb atagan, chunki Eron orolga raketa va dronlar bilan zarba berish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, jurnalistlar ta’kidlashicha, Amerika ma’muriyati Erondagi boyitilgan uran zaxiralari ustidan nazorat o‘rnatish uchun ham qo‘shin yuborish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bundan oldin Axios nashri ham AQSh va Isroil hokimiyatlari o‘rtasida shunday muhokamalar bo‘lganini yozgan edi. O‘shanda bu “faqat ikki davlat ham Eron harbiylari ishtirok etayotgan kuchlar uchun endi jiddiy tahdid sola olmasligiga ishonch hosil qilgandan keyingina” yuz berishi mumkinligi qayd etilgan edi.
AQSh va Isroil Eronga qarshi ilk havo zarbalarini 28 fevral kuni berdi. Shundan keyin Tehron Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlar va Isroilga raketa hamda dronlar yordamida hujum qila boshladi. Islom Respublikasi bayonotlariga ko‘ra, hujumlar nishonlari orasida mintaqadagi Amerika harbiy bazalari ham bo‘lgan.
Eron zarbalari Fors ko‘rfazidagi qator davlatlardagi neft omborlari va neft tankerlariga ham tekkan. Eron hujumlaridan Ozarboyjon hamda Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiruvchi Kipr ham jabr ko‘rgan.
AQSh va Isroil harbiy operatsiyasi sharoitida Tehron neft va gaz yetkazib berish uchun muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatni amalda to‘sib qo‘ydi va uni “to‘liq nazorat qilayotgani”ni bildirdi. Bu esa energiya tashuvchilar narxining oshishiga olib keldi.
Mavzuga oid
14:01
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishi kerak - Germaniya va sheriklar
11:07
Uchuvchisiz qurilmalar tayyorlashda ilgarilab ketgan forslar – AQSh Eronning dron tashuvchi kemasini yo‘q qildimi?
09:27
Eron AQShning F-35 qiruvchisi nishonga olinganini ma’lum qildi
22:36 / 19.03.2026