Jahon | 12:29
1480
3 daqiqa o‘qiladi

YeI yil oxirigacha Rossiya STGdan voz kechishni rejalashtirmoqda

Yevropa Ittifoqi AQSh va Isroilning Eron bilan urushi sabab yuzaga kelgan ta’minot inqiroziga qaramay, 2026 yil oxirigacha Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazi (STG) importini to‘liq to‘xtatish niyatida.

Foto: TASS

Yevropa Ittifoqi AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi ortidan kelib chiqqan energiya tashuvchilar ta’minoti inqiroziga qaramay, Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazi (SPG) importidan 2026 yil oxirigacha to‘liq voz kechish niyatida. Bu haqda 20 mart, jumaga o‘tar kechasi YeI sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi. Uning so‘zlarini The Financial Times (FT) nashri keltirgan.

“Bizning aniq maqsadlarimiz bor va biz ularga amal qilamiz”, — dedi fon der Lyayyen Rossiyadan STG importini to‘xtatish muddatini Qatardagi ishlab chiqarish quvvatlariga zarar yetgani va global ta’minot uzilishi tufayli kechiktirish ehtimoli haqidagi savolga javoban.

“Biz o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda reja bo‘yicha harakat qilyapmiz, bizning maqsadlarimiz juda aniq”, — deya davom etdi siyosatchi.

18 mart kuni Eron axborot agentliklari Isroil Islom Respublikasining Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan gaz sanoati obektlariga hujum qilgani haqida xabar berdi. Jumladan, dunyodagi eng yirik gaz koni hisoblangan “Janubiy Pars” koni ham zarba ostida qolgan. Tehron bu konni Qatar bilan bo‘lishadi.

Shundan so‘ng, 19 martga o‘tar kechasi Qatardagi Ras-Laffan sanoat hududida joylashgan dunyoning eng yirik neft-gaz majmualaridan biri Eronning ballistik raketalari zarbasiga uchradi. Reuters agentligi esa QatarEnergy bosh direktori va Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabiyga tayanib yozishicha, hujumlar oqibatida mamlakatning STG ishlab chiqarish bo‘yicha eksport quvvatlarining 17 foizi ishdan chiqqan.

Al-Kaabiyning so‘zlariga ko‘ra, 14 ta STG zavodidan ikkitasi va gazni suyuq yonilg‘iga qayta ishlaydigan ikkita korxonadan bittasi shikastlangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu Yevropa va Osiyoga yetkazib berish uchun xavf tug‘diradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid