Jahon | 09:56
721
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga qurol-yarog‘ eksportini soddalashtirdi

Soddalashtirilgan tartib havo hujumidan mudofaa va dengiz mudofaasi vositalarini yetkazib berishga taalluqli. Ukrainadan tashqari, bu tartib Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt, Bahrayn va Ummonga ham tatbiq etiladi.

Foto: picture alliance

Germaniya hukumati Yaqin Sharq va Ukrainadagi urushlar sharoitida har ikki mojaro hududiga ayrim turdagi qurol-yarog‘lar eksportini soddalashtirdi. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi Iqtisod va eksport nazorati bo‘yicha federal idora (BAFA) bilan birgalikda 20 mart, juma kuni darhol kuchga kiradigan, olti oy muddatga mo‘ljallangan yangi umumiy ruxsatnomani (AGG) joriy qildi. U “mudofaa maqsadlarida muayyan mamlakatlarga qurol-yarog‘ yetkazib berish” uchun beriladi.

Ushbu vaqtinchalik ruxsatnoma qurol-yarog‘ eksport nazorati tartib-taomillarini Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Ukrainaga o‘ta zarur qurollarni yetkazib berishda “yangi talablar”ga moslashtiradi.

“Shu tariqa biz ularning mudofaa tizimlarini mustahkamlash uchun tezkor va ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz eksportni ta’minlaymiz hamda hamjihatligimizni namoyon etamiz”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Maqsad — “mavjud ma’muriy imkoniyatlar doirasida xavf-xatar bahosiga asoslangan holda Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Ukrainaga havo hujumidan mudofaa hamda dengiz mudofaasi uchun qurollarni tez yetkazib berishni yanada soddalashtirish”dan iborat.

“Eronning Fors ko‘rfazi mamlakatlariga tanlab o‘tirmasdan bergan zarbalari qurol-yarog‘ga, ayniqsa havo hujumidan mudofaa vositalariga o‘tkir ehtiyojni keltirib chiqardi”, — dedi Germaniya iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe. Uning qo‘shimcha qilishicha, shu bilan bir vaqtda Ukrainada ham harbiy qo‘llab-quvvatlashga, xususan, HHM sohasida ehtiyoj saqlanib qolmoqda.

Yangi qoidalar tatbiq etiladigan mamlakatlar qatoriga Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt, Bahrayn, Ummon va Ukraina kiradi. Ruxsatnoma “havo hujumidan mudofaa va dengiz mudofaasida qo‘llaniladigan tovarlar, jumladan dengiz minalaridan himoyalanish yoki ularni yo‘q qilish choralari” uchun eksportni qamrab oladi.

Qurol-yarog‘ni soddalashtirilgan tartibda eksport qilishga berilgan ruxsat 15 sentabrgacha amal qiladi. Eksportchilar undan BAFA'ga oldindan ariza bermasdan foydalanishi mumkin — ro‘yxatdan o‘tish birinchi eksportdan keyin 30 kun ichida amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. Ushbu ruxsatdan foydalanuvchi kompaniyalar uchun har oylik hisobot topshirish talabi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid