Sport | 18:59
3820
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi-2031 ko‘chirildi – O‘zbekiston uni o‘tkazishga da’vogar edi

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlarini bekor qildi. Musobaqalar FIFA talabiga ko‘ra juft yillarga ko‘chirildi. Endi mezbon tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi. Avvalroq, 2031 yilgi turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shma ariza topshirgan edi.

Foto: REUTERS/Ibraheem Al Omari

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlari bekor qilingani haqida milliy federatsiyalarni rasman xabardor etdi, deb yozdi Reuters.

Turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning qo‘shma arizasi ham da’vogarlik qilayotgan edi.

Bekor qilinishiga sabab FIFA tashabbusi bo‘lib, u qit’a turnirlari jadvalini o‘zgartirish va ularni juft yillarga ko‘chirishni taklif qilgan. Muhokamalardan so‘ng OFK bu taklifga rozi bo‘ldi.

Nima o‘zgaradi?

Asosiy oqibat - turnirlarning to‘liq ko‘chirilishi: Osiyo kubogi-2031 endi 2032 yilga rejalashtirilgan, Osiyo kubogi-2035 esa 2036 yilga ko‘chirilgan. Shunday qilib, turnirni o‘tkazishning an’anaviy tizimi buziladi va musobaqalar boshqa vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Osiyo Kubogi-2027 reja bo‘yicha o‘z muddatida bo‘lib o‘tadi.

Osiyo Kubogining juft yillarga ko‘chirilishi yana bir muammoni keltirib chiqarmoqda - boshqa konfederatsiyalarning eng yirik turnirlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Endi bir yil davomida quyidagi musobaqalar o‘tkazilishi mumkin: Yevropa chempionati (UYeFA Yevro), Amerika Kubogi (Copa America), Osiyo Kubogi.

FIFA nega tizimni o‘zgartirmoqda?

O‘zgarishlar xalqaro taqvimni markazlashgan holda boshqarish bilan bog‘liq. FIFA allaqachon 2030 yilgacha bo‘lgan global musobaqalar rejasini tasdiqlagan bo‘lib, unda milliy jamoalar o‘yinlari uchun oynalar, saralash turnirlari, final bosqichlari va o‘rtoqlik o‘yinlari aniq ko‘rsatilgan. Ushbu tizimda har bir konfederatsiya umumiy jadvalga moslashishi kerak. Osiyo Kubogi qarori - mana shu katta islohotning bir qismi.

Mezbonlikka nomzodlar bilan vaziyat qanday?

Turnirlar sanasining o‘zgarishi mezbonlikka da’vogarlarning barcha arizalarini avtomatik ravishda bekor qiladi. Bu shuni anglatadiki, mezbonlarni tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi, hamma yangi tartibni kutishiga to‘g‘ri keladi. OFK amalda ikki turnirga tayyorgarlik siklini qaytadan boshlaydi.

2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligiga Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Kuvayt, Janubiy Koreya, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘shma ariza topshirgan edi. Endi O‘zbekistonning yangi turnirlar mezbonligi uchun ariza topshirishi masalasi noma’lum. Hozircha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) vaziyatga munosabat bildirmadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid