Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda yo‘lovchi samolyoti o‘t o‘chiruvchi mashina bilan to‘qnashib ketdi
Bortida 72 kishi bo‘lgan Air Canada Express reaktiv samolyoti qo‘nish vaqtida o‘t o‘chirish mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Oqibatda ikki uchuvchi halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishilar jarohatlangani aytilmoqda.
Foto: Reuters
Nyu-Yorkdagi LaGuardia aeroportida mahalliy vaqt bilan 23:30larda (Toshkent vaqti bilan dushanba kuni 08:30da) Air Canada Express mintaqaviy reaktiv samolyoti qo‘nish vaqtida o‘t o‘chirish mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Oqibatda uning bosh uchuvchisi va ikkinchi uchuvchisi halok bo‘lgan.
O‘lim holatlari haqida xabar bergan NBC News telekanali hodisada yana o‘nlab kishilar jarohatlanganini ma’lum qildi. Reutersʼning telekanal manbalarga tayanib yozishicha, to‘qnashuvda qatnashgan o‘t o‘chirish mashinasida politsiya xodimlari bo‘lgan. Bir nafar serjant va bir politsiya xodimining suyaklari cingan: ular shifoxonada va holati barqaror ekani aytilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Air Canada Express'ning hamkori Jazz Aviation tomonidan boshqarilgan CRJ-900 samolyoti Monrealdan 72 nafar yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosini olib kelayotgan edi.
Flightradar24 parvozlarni kuzatish portali ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi o‘t o‘chirish vositasiga taxminan 39 km/soat tezlikda urilgan.


Hodisadan so‘ng Reuters agentligi olgan fotosuratlarda samolyotning burun qismi yuqoriga qarab qiyshayib qolgani ko‘rinadi.
Nyu-York va Nyu-Jyersi port ma’muriyatining ma’lum qilishicha, o‘t o‘chirish mashinasi aeroportning 4-uchish-qo‘nish yo‘lagida samolyot bilan to‘qnashgan vaqtda boshqa bir alohida hodisaga javoban – chaqiruv bo‘yicha harakatlanayotgan bo‘lgan. Rasmiylar o‘lim holatlari yoki jarohatlar yuzasidan hozircha biron-bir tezkor rasmiy izoh berishmadi.
AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi aeroport dushanba kuni soat 14:00 ga qadar yopiq qolishi kutilayotganini bildirdi. 18 ta reys boshqa aeroportlarga, asosan Nyu-York hududiga yo‘naltirilgan yoki jo‘nash punktiga qaytarilgan.
Nyu-Yorkdagi LaGuardia aeroporti 2025 yilda yiliga 30 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. U yerda AQShning ko‘plab aviakompaniyalari faoliyat yuritadi.



Mavzuga oid
16:22
O‘zbekistonliklar AQShga ishga yuborilishi mumkin. O‘rtacha oylik – 3500 dollar
16:20
Xarg oroli: harbiy ssenariylar va iqtisodiy oqibatlar tahlili
11:39
Trampning tahdididan so‘ng Eron Ko‘rfazning energetika va suv infratuzilmasini bombardimon qilish bilan ogohlantirdi
09:17