Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Italiyada sud tizimi islohoti bo‘yicha hal qiluvchi referendum o‘tmoqda
Italiyada sud va tergov tizimini isloh qilish tashabbusini bosh vazir Jorja Meloni ilgari surmoqda. ANSA agentligi xabar berishicha, ovoz berish uchastkalari 22 va 23 mart kunlari ochiq bo‘ladi. Tanqidchilarning fikricha, bu o‘zgarishlar tizimni siyosiylashtirib yuborishi mumkin.
Italiyada 22 mart, yakshanba kuni bosh vazir Jorja Meloni tomonidan ilgari surilayotgan mamlakat sud-tergov tizimini isloh qilish bo‘yicha ikki kunlik referendum boshlandi. Ovoz berish uchastkalari 22 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan 23:00 gacha, 23 mart kuni esa 07:00 dan 15:00 gacha ochiq bo‘ladi.
Italiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlar soni 51 424 729 nafarni tashkil etadi, ulardan 5 477 619 nafari xorijda yashaydi, deya aniqlik kiritgan ANSA agentligi.
Islohotni amalga oshirish uchun konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish talab etiladi. Tanqidchilar esa sud tizimining mustaqilligi xavf ostida qolishini aytmoqda.
Italiyada yagona imtihondan o‘tgan shaxslar prokuror lavozimidan sudyalikka, yoki aksincha, sudyalikdan prokurorlikka o‘tishi mumkin. Islohot esa bu ikki yo‘nalishni bir-biridan ajratishni nazarda tutadi: sudyalar faqat o‘z vazifasini, prokurorlar esa faqat o‘z vazifasini bajaradi.
Sud hokimiyatining o‘zini o‘zi boshqarishi va uning qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqilligini ta’minlab kelayotgan Oliy magistratura kengashi (CSM)ni ham ikki tuzilmaga — alohida sudyalar va alohida prokurorlar uchun bo‘lish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tarkibi 15 a’zodan iborat bo‘lgan Oliy intizom sudini tuzish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, yangi o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlarning bir qismi qur’a tashlash — ya’ni nomzodlarni tasodifiy tanlash — orqali amalga oshirilishi kutilmoqda.
Nihoyat, ushbu organlarni shakllantirishda parlament ham ishtirok etadi va siyosatchilar kadrlar bo‘yicha qarorlarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi, deya aniqlik kiritgan dpa agentligi.
Shu bilan birga, masalan, Neapol prokurori Nikola Gratterining fikricha, Italiya samarasiz eski tizim o‘rniga yanada siyosiylashgan yangi modelga ega bo‘lib qolishi xavfi bor.
Shu bilan birga, tanqidlarga qaramay, fuqarolarning katta qismi Italiya sud tizimi haqiqatan ham islohotga muhtoj ekaniga qo‘shiladi. Dpa yozishicha, mamlakatda hukm chiqarish jarayoni ko‘pincha boshqa ko‘plab davlatlarga qaraganda ancha uzoq davom etadi.
So‘rovnomalarga ko‘ra, italiyaliklarning o‘n nafaridan atigi to‘rt nafari sud tizimiga ishonadi.
Mavzuga oid
11:00 / 10.06.2026
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
22:05 / 29.05.2026
Italiya hukumati Sitsiliya mafiyasining millionlab yevro aktivlarini musodara qildi
08:53 / 19.05.2026
O‘zbekistonliklar Italiya fermer xo‘jaliklarida ishlashi mumkin bo‘ladi
09:20 / 14.05.2026